Oʻzbekiston – BRIKS: barqaror rivojlanish, yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirlarini yaratishga qaratilgan hamkorlik

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-24-oktyabr kunlari Rossiya raisligida Qozon shahrida boʻlib oʻtadigan BRIKS sammitida ishtirok etadi.

    Ushbu tuzilma 2006-yil iyun oyida Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi doirasida Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy iqtisodiyot vazirlari ishtirokida tashkil etilgan. Tashkilotni tuzish Rossiya tomoni tashabbusi bilan boshlangan.

    Rossiya, Braziliya, Xitoy tashqi ishlar vazirlari va Hindiston mudofaa vaziri ishtirokidagi oʻsha paytdagi BRIKSning birinchi yigʻilishi 2006-yil 20-sentyabrda Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 61-sessiyasi doirasida boʻlib oʻtgan edi.

    2010-yil 12-noyabrda Seulda boʻlib oʻtgan G20 sammitida Janubiy Afrika Respublikasi BRIKSga qoʻshilish istagini bildirdi. Janubiy Afrikaning qoʻshilishi bilan tuzilma nomi BRIKS sifatida qayta tashkil etildi.

    2023-yil avgustda boʻlib oʻtgan sammitda Eron, Saudiya Arabistoni, Misr, Argentina, Efiopiya va BAA BRIKSga toʻlaqonli aʼzo sifatida qoʻshilish uchun taklif qilingan edi.

    2024-yil yanvarda ushbu davlatlardan toʻrttasi – Misr, Eron, BAA va Efiopiya tashkilotga rasman qoʻshildi.

    Birlashmaga aʼzo boʻlgan davlatlar nufuzli xalqaro tuzilmalar – BMT, G20, Jahon savdo tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati, G77 guruhi, shuningdek, qator yirik mintaqaviy birlashmalarning nufuzli ishtirokchilari hisoblanadi.

    BRIKS hamkorlari oʻrtasidagi munosabatlar BMT Nizomi, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va normalari, shuningdek, tenglik, ochiqlik, pragmatizm, birdamlik, qoʻshilmaslik va uchinchi tomonlarga betaraflik tamoyillari asosida qurilgan.

    Birlashma mexanizmi, taʼkidlanganidek, tinchlik, xavfsizlik, taraqqiyot va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. BRIKSning asosiy maqsadi ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy va texnologik salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlash yoʻlida samarali aloqalar uchun sharoit yaratishdir.

    BRIKS doirasida Ishbilarmonlar kengashi va BRIKS Taraqqiyot banki faoliyat yuritadi. Iqtisodiy yoʻlda tuzilma mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik 2025-yilgacha boʻlgan Iqtisodiy sheriklik strategiyasiga asoslanadi. U aʼzo mamlakatlarning ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarini ularning koʻp tomonlama formatdagi oʻzaro taʼsiri bilan toʻldirishni, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, birlashmalar va forumlarda, birinchi navbatda Jahon savdo tashkilotida muvofiqlashtirishni taʼminlashni nazarda tutadi.

    BRIKS mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar formatlari tizimi oliy darajadagi yillik rejalashtirilgan uchrashuvlarni oʻz ichiga oladi. BRIKSga raislik taqvimi yil davomida ishtirokchi davlatlar tomonidan rotatsiya asosida amalga oshiriladi. Barcha qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi.

    Oʻzbekiston uchun BRIKS inklyuziv hamkorlik va barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surish uchun izlanayotgan platforma hisoblanadi.

    2015-yilning 9-iyul kuni Oʻzbekiston Rossiya tomoni raisligida Ufa shahrida boʻlib oʻtgan SHHT va BRIKSga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi. Yigʻilishda tashkilotga aʼzo 9 davlat rahbarlari qatnashgan.

    Oʻzbekiston Prezidenti 2022-yil 24-iyun kuni “BRIKS plyus“ formatidagi Global taraqqiyot masalalari boʻyicha yuqori darajadagi muloqotda ishtirok etdi. Xitoy tomoni raisligida oʻtgan ushbu onlayn-forumda dunyoning 18 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi.

    Rossiyaning BRIKSga joriy raisligi doirasida Oʻzbekiston Yoshlar sammiti, BRIKS sport oʻyinlari, IX yuridik forumi, X parlament forumi, turdosh shaharlar va munitsipalitetlar forumi, shuningdek, BRIKS va “BRIKS plyus” mamlakatlarida xavfsizlik masalalarini nazorat qiluvchi yuqori darajali shaxslar uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022yil 24-iyun kuni boʻlib oʻtgan “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari boʻyicha yuqori darajadagi muloqotda soʻzlagan nutqida, “Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlarni yengib oʻtish maqsadida savdodagi toʻsiqlarni bartaraf etish, yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirlarini yaratish, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha loyihalarga investitsiyalar jalb etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish, texnologiyalar transferi va innovatsiyalarni joriy etish, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar, vaksinalar ishlab chiqish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ahamiyatga ega”, deya taʼkidladi.

    Davlatimiz rahbari, shuningdek, Qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish maqsadida “BRIKS plyus” ishbilarmon doiralari forumini yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.

    “Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishish uchun keng koʻlamli xalqaro sheriklikka, shu jumladan, “Janub – Janub” formatidagi hamkorlikka ochiqmiz va bu yoʻlga sodiqmiz”, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining boʻlajak BRIKS sammitidagi ishtiroki xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish va Oʻzbekistonni jahon iqtisodiy aloqalariga integratsiyalashuviga, mamlakatimizning oʻzaro manfaatli hamkorlikka yoʻnaltirilgan ishonchli sherik sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.