25-noyabr kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp maxsus elchi Stiven Uitkoffga “tinchlik rejasi” bo'yicha yakuniy kelishuvga erishish uchun Moskvada Kreml rahbari Vladimir Putin bilan uchrashishni buyurganini e'lon qildi. Tramp bu haqda o'zining Truth Social ijtimoiy tarmog'idagi akkauntida ma'lum qildi.
Trampning so'zlariga ko'ra, dastlabki 28 banddan iborat “tinchlik rejasi” “ikkala tomonning qo'shimcha takliflarini hisobga olgan holda takomillashtirildi va endi kelishmovchiliklar mavjud bo'lgan bir nechta bandlar qoldi”.
“Ushbu tinchlik rejasi bo'yicha yakuniy kelishuvga erishish uchun men maxsus elchim Stiv Uitkoffga Moskvada Putin bilan uchrashishni buyurdim va armiya kotibi Den Driskoll Ukraina tomoni bilan uchrashadi”, deb ta'kidladi AQSh Prezidenti.
Uning qo'shimcha qilishicha, ushbu muzokaralardan so'ng, Uitkoff va Driskoll Oq uyning yuqori lavozimli amaldorlariga natijalar haqida ma'lumot berishadi.
O'tgan hafta Ukrainadagi urushni hal qilish bo'yicha AQShning tinchlik rejasi e'lon qilindi. Biroq, AQSh, Ukraina va Yevropa delegatsiyalari o'rtasidagi muzokaralardan so'ng, hujjat 19 bandgacha qisqartirildi, deb xabar berdi korrespondent.net.








