Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi: barqaror va istiqbolli hamkorlik

    Xalqaro hamkorlik 18 Iyun 2023 6219

    Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida anʼanaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

    Jumladan, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish, Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik shakllarini qoʻllab-quvvatlash masalalari alohida oʻrin tutadi. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasi oʻlaroq, bugun Oʻzbekistonning Germaniya va Fransiya kabi katta iqtisodiy salohiyatga ega Yevropa mamlakatlari, shuningdek, YEI bilan savdo-iqtisodiy aloqalari tobora kengayib bormoqda.

    Xususan, 2022-yilda Oʻzbekiston bilan YEI oʻrtasidagi umumiy savdo hajmi qariyb 16 foizga oʻsgani holda, 4,5 milliard dollarni tashkil qilgan, bunday oʻsishga Oʻzbekistonning maxsus GSP+ imtiyozlar tizimiga kiritilishi katta turtki boʻldi. Oʻzbekistonning mazkur tizimga kiritilishi milliy eksportchi korxonalarga Yevropa bozorlariga 6200 turdagi mahsulotlarni hech qanday bojxona toʻlovlarisiz olib kirish imkonini beradi. Lekin kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston va YEI mamlakatlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida ishga solinmagan imkoniyatlar juda katta.

    Tashkilot tarixi va hamkorlik rivoji yoʻliga bir nazar

    Yetmish yillar oldin Ikkinchi jahon urushi oqibatlari tufayli dunyoning aksariyat qitʼalari kabi yevropaliklar ham oʻta horgʻin, oilalar parokanda, millionlab insonlar shunchaki kun kechirish manbalaridan mahrum edi. Hukumatlar goʻyoki yengib boʻlmas qarz sirtmogʻi bilan muttasil kurashib kelar, bir mamlakatning ikkinchi mamlakat bilan munosabatlari oʻta ziddiyatli edi. Bularning barchasi nafaqat koʻhna qitʼa, balki butun dunyoni qamrab olgan inqiroz natijasi ekanini taʼkidlash lozim.

    1950-yil 9-mayda Fransiya tashqi ishlar vaziri Rober Shuman Germaniya Federativ Respublikasi va Fransiyani oʻzlarining metallurgiya, temir va koʻmir sanoatlarini birlashtirishga chaqirgan holda, nutq soʻzladi.

    Robert Shuman Yevropani birdamlikka yetaklovchi, aniq natijalarga tayanuvchi, mamlakatlar oʻrtasida hech qanday nizolarga oʻrin qoldirmaydigan Yevropani tasavvur qilgan edi. Uning fikricha, boʻlgʻusi Yevropa hamjamiyati oʻz fuqarolarining farovonligini oshirish va oʻz chegaralaridan tashqarida ham tinchlik va oʻzaro hamkorlikni targʻib qiluvchi hamjamiyatga aylanishi lozim edi.

    Dastlab metallurgiya, temir va koʻmir sanoati birlashmasi sifatida tashkil topgan va aʼzolari atigi Belgiya, Gʻarbiy Germaniya, Fransiya, Italiya, Lyuksemburg va Niderlandiyadan iborat boʻlgan Yevropa koʻmir va poʻlat birlashmasi uzoq taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtib, bugun barchamizga maʼlum boʻlgan YEIga aylandi. Bugungi kunda mazkur tashkilot aʼzolari soni 27 taga yetdi. 2022-yilda YEIning yalpi ichki mahsuloti qariyb 17 trillion dollar, aholi jon boshiga toʻgʻri keluvchi YAIM hajmi esa salkam 33 ming dollarni tashkil qildi. 2022-yilda tashkilotga aʼzo davlatlarda iqtisodiy oʻsish 1,2 foiz darajasida qayd etildi. Bugungi kunda dunyo yalpi ichki mahsulotining 14,85 foizi mazkur tashkilot ulushiga toʻgʻri keladi.

    Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalari 1992-yil 15-aprelda oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolangandan soʻng rivoj topa boshladi. Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi amaldagi bitim esa 1996-yil iyun oyida Florensiyada imzolangan. Uning doirasida “Oʻzbekiston – YEI” formatida 6 ta qoʻshma organ tashkil etildi. Bular – Hamkorlik kengashi, Hamkorlik qoʻmitasi, Parlament hamkorlik qoʻmitasi, Savdo va investitsiyalar boʻyicha quyi qoʻmita, Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va aloqador masalalar boʻyicha quyi qoʻmita, Taraqqiyot maqsadlarida hamkorlik boʻyicha quyi qoʻmitalardir. 1995-yilda Bryusselda Oʻzbekiston elchixonasi ochilgan boʻlsa, 2011-yildan buyon Toshkentda YEIning diplomatik vakolatxonasi faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

    Umuman olganda, oʻzaro munosabatlarning tez va barqaror oʻsib borishi 2016-yildan keyingi davrga toʻgʻri keladi. Shu vaqtdan mamlakatimiz dunyo davlatlari uchun oʻz eshiklarini ochib, global iqtisodiyotga kirib bordi. Koronavirus pandemiyasiga qaramay, Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar faol rivojlanib, har tomonlama samarali tus oldi. Xususan, 2019–2020-yillarda Yevropa mamlakatlari, jumladan, Avstriya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Fransiya, Chexiya, Shveysariya, Vengriya, Italiya, Turkiya kabi davlatlar tashqi ishlar vazirliklari bilan 20 dan ortiq siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazildi.

    Keyingi yillarda YEI bilan oliy darajadagi siyosiy muloqot misli koʻrilmagan darajada faollashmoqda. 2017-yilning noyabridan 2018-yilning martigacha tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakil vazifasini bajaruvchi Oʻzbekistonga ikki marta tashrif buyurdi. 2019-yil may oyida Yevropa Kengashi prezidenti birinchi marta Oʻzbekistonga amaliy tashrif bilan keldi. Yevropa Kengashi rahbari Orol dengizi havzasidagi ekologik ofatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholadi va BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp tomonlama Trast fondi doirasida faol hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

    2018-yilda Oʻzbekiston YEI bilan yangi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni tuzish boʻyicha muzokaralarni boshladi. Yangi bitim iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, energetika, transport, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi, raqamli iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi va qishloq joylarini rivojlantirish, bandlik va ijtimoiy masalalar, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar kabi yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.

    Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq, YEI mamlakatlari bilan savdoda Oʻzbekiston uchun eng koʻp qulaylik rejimi oʻrnatilgan.

    2022-yil iyul oyida Oʻzbekiston bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning tasdiqlanishi oʻzaro munosabatlar rivojida muhim bosqich boʻlib, hamkorlikni yanada yaxshilash va chuqurlashtirish, uni faoliyatning yangi sohalariga tarqatishga xizmat qilmoqda. 2022-yil 18-noyabr kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan YEIning Markaziy Osiyo bilan oʻzaro bogʻliqligi boʻyicha “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzusidagi birinchi konferensiya Oʻzbekistonning xalqaro maydonda yangi mavqega ega boʻlgani, oʻz iqtisodiyoti va eksport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishga shayligining yorqin namunasidir.

    Ushbu konferensiyani oʻtkazish gʻoyasi 2021-yilda Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan boʻlib, mazkur tadbir Yevropa va butun Markaziy Osiyo mintaqasidan 500 dan ziyod ishtirokchilar, xususiy sektor vakillari, xalqaro moliya institutlari va albatta, hukumatlarni birlashtirishga muvaffaq boʻldi. Konferensiyani oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad – YEI va Markaziy Osiyo mamlakatlariga mavjud salohiyatni ochish, ham Markaziy Osiyo ichida, ham Markaziy Osiyo va Yevropa oʻrtasida mustahkam aloqani yoʻlga qoʻyishga yordam beradigan usullarni birgalikda aniqlash va kelishishdan iborat boʻldi.

    Konferensiya oʻzaro bogʻliqlikning uchta sohasiga qaratildi: xalqaro transport yoʻli, suv-energetika yoʻnalishi va raqamli texnologiyalar. YEIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel kirish soʻzida taʼkidlab oʻtganidek, “umumiy maqsad aniq: mintaqalarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yoʻlga qoʻyar ekanmiz, biz odamlarni birlashtiramiz va ularning kelajagiga sarmoya kiritamiz”.

    Samarqand konferensiyasi doirasida ikkita yirik, birinchisi — suv resurslari, energetika va iqlim oʻzgarishi boʻyicha hamkorlik qilish, ikkinchisi esa, raqamli oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish tashabbuslari ilgari surildi.

    Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yigʻilishi ham aynan Oʻzbekistonda — joriy yilning 17–18-may kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgani YEIning mamlakatimizga boʻlgan qiziqishi yuqoriligidan dalolat beradi.

    Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki xususiylashtirish va xususiy sektor uchun keng sharoitlar yaratish, infratuzilma, tibbiyot, taʼlim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini yanada qoʻllab-quvvatlash, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirishda Oʻzbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Bugungi kunga kelib, mazkur bank tomonidan Oʻzbekistonda qariyb 4 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilayotgani eʼtiborga molik.

    Katta bozor katta imkoniyatlar yaratadi

    Oʻzbekistonning “GSP+” imtiyozli savdo tizimiga qoʻshilishi natijasida YEI mamlakatlari bilan tovar aylanmasida keskin oʻsish koʻzga tashlandi. Kezi kelganda taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekiston “GSP+” tizimi benefitsiari maqomini olish uchun YEIning barcha shartlarini bajardi. Jumladan, 27 ta xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qildi va pirovardida, 2021-yil 10-apreldan boshlab YEI ushbu tizim doirasida yurtimizdan import qilinadigan tovarlarga imtiyozli tariflarni qoʻllashni boshladi. Natijada oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil ortib boryapti. Xususan, 2023-yilning oʻtgan davrida tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan tovar aylanmasi 70 foizga oʻsdi.

    Yuqori texnologiyali sohalarda YEIning yirik kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar qiymati 20 milliard dollardan oshadi. Oʻzbekiston umumiy savdo aylanmasining 12 foizga yaqini, umumiy eksportning esa 4 foizi va jami importning 17 foizi YEI hissasiga toʻgʻri keladi.

    Soʻnggi besh yildagi umumiy iqtisodiy hamkorlik haqida gapiradigan boʻlsak, Oʻzbekistonning YEI mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 50,5 foizga oʻsib, 2,6 milliard dollardan 3,9 milliard dollarga yetdi, eksport 39,2, import esa 52,6 foizga oshdi.

    Eksportning sezilarli darajada oʻsish tendensiyasi 2022-yilda ham saqlanib qoldi. YEI mamlakatlari orasida Germaniya (19,7 foiz), Litva (13 foiz), Italiya (11,1 foiz), Niderlandiya (7,4 foiz), Fransiya (7,2 foiz), Polsha (6,4 foiz), Latviya (6 foiz), Chexiya (5,1 foiz), Ispaniya (4,1 foiz), Vengriya (3 foiz) va Avstriya (2,7 foiz) umumiy savdo aylanmasi boʻyicha Oʻzbekistonning asosiy savdo sheriklari hisoblanadi.

    Shuni alohida taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda tashkilotning yirik davlati — Germaniya bilan koʻp tomonlama hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Xususan, Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil may oyida Germaniyaga tashrifi doirasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni kengaytirish boʻyicha 9 milliard yevrolik yangi savdo, moliya va investitsiya bitimlari imzolandi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Oxirgi yillarda Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qoʻshma korxonalar soni ikki barobarga koʻpaydi. Oʻzbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Keyingi besh yil ichida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi 2-marta oʻsdi va bugungi kunda u 1,2 milliard dollarni tashkil qilmoqda.

    Eksportimiz tarkibida tekstil mahsulotlari, import tarkibida aviatexnika va mashina, asbob-uskunalar yuqori oʻrin egallaydi.

    Keyingi yillarda Oʻzbekiston — Italiya munosabatlarida ham katta siljishlar kuzatilmoqda. Xususan, 2022-yil yakunlari boʻyicha mamlakatlar oʻrtasidagi tovar aylanmasi 535,4 million yevroga yetdi va 32 foizga oʻsdi. Hozirda Italiya YEI mamlakatlari orasida Oʻzbekistonning uchinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. Italiyalik ishbilarmonlar togʻ-kon, neft-kimyo, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalariga katta qiziqish bildirmoqda. Ushbu davlat kapitali ishtirokidagi korxonalar soni keyingi yillarda ikki marta oʻsdi, italiyaliklar investitsiyalari 49,6 million dollarni tashkil qilmoqda.

    Oʻzbekistonning yirik hamkorlaridan yana biri Fransiya hisoblanadi. Bugungi kunda fransuz kapitali ishtirokida 46 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda, keyingi besh yilda ularning kapitali ishtirokidagi korxonalar 3,5-martaga koʻpaydi. Fransiya rivojlanish agentligi bilan 1 milliard yevro qiymatiga ega boʻlgan bitim amal qilmoqda. Birgina 2021-yilda 297 million dollarlik Fransiya investitsiyalari oʻzlashtirilgan.

    Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi bilan hamkorlikda loyiha qiymati 100 million dollar boʻlgan 100 megavatt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish, “Orano Mining” kompaniyasi bilan loyiha qiymati 345 million dollar boʻlgan istiqbolli hududlarda uran qazib olish borasida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, Sirdaryo viloyatida “EDF” shirkati bilan hamkorlikda 1 ming 600 megavatt quvvatga ega boʻlgan bugʻ-gaz elektrostansiyasini qurish, “SUEZ” kompaniyasi ishtirokida Surxondaryo viloyatini ichimlik suv bilan taʼminlash kabi loyihalar amalga oshirilmoqda. Fransiya va Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari vinochilik, turizm infratuzilmasi, toʻqimachilik, kimyo, farmatsevtika sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarining istiqbollarini yuqori baholashmoqda.

    Xuddi shu kabi YEIning boshqa mamlakatlari bilan ham hamkorlik aloqalari tobora kengayib bormoqda. Buni 2017-yildan Yevropa investitsiya banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekiston bilan hamkorlikni tiklagani misolida ham koʻrish mumkin. Bu yevropalik investorlarning mamlakatimizda ishlashga qiziqishi yuqori ekanidan dalolat. Shunday qilib, Yevropa mamlakatlari kapitali ishtirokidagi qoʻshma korxonalar soni 2017-yildan buyon 2,4 barobar oshib, 1 ming 52 taga yetdi, ulardan 300 dan ziyodi 100 foiz Yevropa kapitaliga ega.

    Hamkorlik istiqbollari

    Hozir dunyo iqtisodiyotida global noaniqlik saqlanib qolmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bunday sharoitda barqaror rivojlanayotgan va dunyoning boshqa barcha mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikka ochiq boʻlgan Markaziy Osiyo mintaqasi jahon xoʻjaligi aloqalari va munosabatlarida tobora ahamiyatli rol oʻynay boshladi. Jarayonlar rivoji shuni koʻrsatdiki, mintaqamiz davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston ham turli tashqi taʼsirlarga nisbatan barqaror ekanligini namoyon qildi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo dunyo investorlari nigohida ijtimoiy jihatdan barqaror, investitsion jozibadorlik nuqtayi nazaridan bir muncha qulay mintaqa sifatida namoyon boʻlmoqda. Xususan, hozir mintaqada 70 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi, mintaqa geografik jihatdan Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi koʻprik vazifasini oʻtashi mumkinligi, ushbu hudud davlatlarining boy tabiiy va mineral xomashyo zahiralariga egaligi katta qiziqish uygʻotadi.

    Yirik xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mintaqa iqtisodiyotining istiqbollari borasida ijobiy bashoratlarni bermoqda. Unga koʻra, 2023-yilda mintaqa iqtisodiyoti oʻrtacha 5,2 foizga oʻsadi. Oʻzbekistonda 2023 va undan keyingi yillarda ham ijobiy oʻsish surʼati saqlanib qoladi, iqtisodiy oʻsish surʼati oʻrtacha 6–6,5 foiz atrofida boʻladi.

    YEI bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari demokratik institutlarni qoʻllab-quvvatlash va fuqarolik jamiyatini qaror toptirish; iqtisodiyot tuzilmasini takomillashtirish va iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash; “yashil oʻsish” va jamiyat hayotining barcha jabhalariga raqamli texnologiyalarni izchil joriy etish; taʼlim, fan va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash; savdo siyosatini erkinlashtirish; jinoyatchilik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish; iqlim oʻzgarishlariga birgalikda qarshi kurashish kabi ustuvor yoʻnalishlarda amalga oshirib kelinmoqda.

    2022-yil oktyabr oyida Qozogʻistonda “Devorlar emas, aksincha, koʻpriklar qurish lozim” shiori ostida oʻtkazilgan MO mamlakatlari rahbarlari va Yevropa Kengashi prezidenti darajasidagi Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti hamkorlikning yuqorida tilga olib oʻtilgan ustuvor yoʻnalishlarini mustahkamlashga xizmat qildi.

    Oʻylaymizki, Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi ikkinchi sammiti ham mintaqa mamlakatlari, shu jumladan, mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qoʻshadi.

    Mamajon MAMATOV,

    iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori