Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan Xavfsizlik bo'yicha Myunxen konferentsiyasi raisi Vol`fgang Ishinger, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner, Konrad Adenauer fondi, tashqi siyosat mahkamalari vakillari, ekspertlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Davra suhbatida ta'kidlanganidek, O'zbekiston va Germaniya hamkorligi keyingi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy hamda gumanitar sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanib bormoqda. Bu kabi munosabatlar Evropa Ittifoqi doirasidagi konstruktiv muloqotlar doirasida ham ko'zga tashlanadi.

Mehmonlar e'tirof etishicha, O'zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida kontinental va global xavfsizlik tizimining ajralmas qismi sifatida Germaniyaning ishonchli hamkori sanaladi. O'z navbatida, Germaniya Evroittifoqda O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, muhim texnologik va investitsiyaviy sherigi bo'lib kelmoqda.

Keyingi yillarda ikki mamlakat o'rtasida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,5 barobar, ya'ni 60 foizga o'sdi. Bu Germaniyaning SHarqiy Evropa va MDH mamlakatlari o'rtasidagi eng yuqori ko'rsatkichdir. Shuningdek, 50 ga yaqin qo'shma korxona tashkil etildi.

E'tibor qilsak: 2020 yilda O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 830 million dollardan oshdi. Bugungi kunda O'zbekistonda Germaniya investorlari ishtirokida 200 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Ular orasida “MAN”, “Claas”, “Knauf”, “Papenburg”, “Volkswagen”, “Viessmann”, “Siemens”, “Bosch” kabi dunyoga mashhur nemis kompaniyalarini sanash mumkin. Bu kabi kompaniyalar bilan amalga oshirilayotgan sarmoyaviy loyihalar har ikki mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi uchun xizmat qilmoqda. Birgina 2020 yilda nemis kompaniyalari mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan sarmoya hajmi 700 milliondan dollardan oshdi.

Gumanitar almashinuvlar sohasida ham qator yutuqlarni sanash mumkin. Jumladan, hozirgi kunda O'zbekistonda 1,6 mingdan ko'proq maktabda 300 mingdan ortiq o'quvchi-yoshlar nemis tilini o'rganmoqda. 10 ta maktabda nemis tili chuqurlashtirib o'rgatiladi. Bundan tashqari, oliy o'quv yurtlarida qariyb 19 ming talaba ham nemis tilini o'zlashtirmoqda.

Germaniya pandemiya oqibatlarini engib o'tish bo'yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surishda faol ishtirok etib, jahon mamlakatlariga, shu jumladan, O'zbekistonga katta amaliy yordam ko'rsatdi. Xususan, Germaniya ko'magi bilan COVAX tashabbusi doirasida mamlakatimizga koronavirusga qarshi vaktsinaning yirik partiyasi etkazib berildi. Bundan tashqari, Evropaning yuqumli kasalliklarni o'rganish sohasidagi nufuzi ilmiy-tadqiqot muassasasi – Robert Kox instituti bilan yaqindan hamkorlik o'rnatilgan.

– Bugun O'zbekistonda o'tadigan Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etayapman. Missiyamiz doirasida bugun hukumat vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari jamoasi bilan qator manfaatli uchrashuvlar o'tkazdik. O'ylashimcha, bu uchrashuvlarda bildirilgan takliflar yaqin istiqbolda ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yangicha formatda rivojlantirishga katta hissa qo'shadi, – dedi V.Ishinger.

Davra suhbatida O'zbekiston – Germaniya o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, do'stona, teng manfaatli munosabatlarni bundan keyin ham yangi formatda davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.

– Germaniya O'zbekistonning etakchi strategik hamkorlaridan biri sanaladi. Bu keyingi yillarda barcha sohalarda namoyon bo'lmoqda. Xususan, pandemiya sharoitiga qaramasdan iqtisodiy munosabatlarda o'sish ko'rsatkichiga erishilgani ham fikrimiz dalilidir, – dedi Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o'rinbosari Baxtiyor Mustafoev. – Bugungi davra suhbatida nafaqat Germaniya va O'zbekiston, balki Evropa mamlakatlari bilan Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari yuzasidan ham atroflicha muhokama yuritildi. Shuningdek, Markaziy Osiyoni rivojlantirish strategiyasi doirasida belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shu o'rinda ta'kidlash joizki, Germaniya “Yashil Markaziy Osiyo” strategiyasini amalga oshirishda ham faol ishtirokchi hisoblanadi.

Davra suhbatida Xavfsizlik bo'yicha Myunxen konferentsiyasi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti o'rtasida memorandum imzolanishiga ham kelishib olindi. Bu hujjatda hamkorlikda mintaqaviy rivojlanish maqsadlarini ko'zda tutgan xalqaro anjumanlar, seminarlar tashkil etish, axborot almashinuvi, eng asosiysi, tashqi siyosat borasidagi aloqalarni yanada yuksaltirish maqsadlari ko'zda tutiladi.

Vol`fgang Ishinger Xavfsizlik bo'yicha Myunxen konferentsiyasini kelajakda O'zbekistonda o'tkazish tashabbusini ham aytib o'tdi.

Eslatib o'tamiz: Xavfsizlik bo'yicha Myunxen konferentsiyasi 1962 yildan buyon har yili o'tkazib kelinadi. Uning asoschisi va rahbari nemis matbaachisi Eval`d-Genrix fon Kleyst-Shmentsin hisoblanadi. Vol`fgang Ishinger esa 2009 yildan konferentsiyaga raislik qilib kelmoqda.