Keyingi yillarda dunyoda virusli gepatitning V va S turi keng tarqalmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2021-yil boʻyicha hisobotiga koʻra, dunyo miqyosida V gepatitini yuqtirganlar soni 300 millionga yaqin va S gepatiti bilan ogʻriganlar soni 150 milliondan oshgan. Yurtimiz Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari oʻtkazgan pilot tekshiruvlarda V virusli gepatit 2,3 foiz va S virusli gepatit esa 3 foiz holatda aniqlangan. Bu juda katta koʻrsatkichdir.
V va S virusli gepatit uzoq yillar (10 yildan 30 yilgacha) davomida organizmda kasallik belgilarini namoyon qilmagan holda, jigar sirrozi va jigar saratoniga, S virusli gepatit 70 foizgacha holatda jigar sirroziga sabab boʻlishi mumkin.
Odatda jigar ogʻrimasligi bois, inson oʻz tanasida virus bor yoki yoʻqligini uzoq yillar bilmagan holda hayot kechiradi. Jigar sirrozi rivojlangandan keyin kasallikning koʻpgina klinik alomatlari yuzaga chiqadi, lekin bu davrda kasallikni davolash va asoratlarining oldini olish ancha qiyin kechadi.
Davlatimiz rahbarining kuni kecha eʼlon qilingan “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida aholi orasida ayrim virusli infeksiyalarni oʻz vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash boʻyicha aholiga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yoʻnalishlari belgilangani aholi salomatligiga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan dalolat.
Qarorda 2022-yildan boshlab har yili aholi orasida barcha hududni qamrab olgan holda, bir millionga yaqin kishini V va S virusli gepatitga qarshi skrining tekshiruvdan oʻtkazish belgilangan. Bunday keng qamrovli tekshiruvlar ilgari oʻtkazilmagan. Bu tekshiruv orqali aholi oʻrtasida virusli kasalliklarni erta tashxislash imkoniyati oshadi.
Shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻini V va S virusli gepatitni aniqlash imkonini beradigan tekshiruv usullari uchun reagentlar hamda test toʻplamlari bilan bosqichma-bosqich toʻliq taʼminlanishi zarurligi belgilangan. Bu kasallikni oʻtkazmagan holda aholining dastlabki murojaati vaqtidanoq virusli xastaliklarga erta tashxis qoʻyish uchun muhim omil sanaladi.
Yurtimizdagi barcha davolash-profilaktika muassasasi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar (nodavlat tibbiyot muassasalari ham), surunkali V va S virusli gepatit boʻyicha yagona elektron reyestr yaratiladi. U orqali aholi orasida V va S virusli gepatitni oʻz vaqtida tashxislash hamda davolash orqali yuqumli kasalliklar sohasida aholiga koʻrsatiladigan tibbiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirish taʼminlanadi. Natijada kasallik yuqtirgan shaxslarning doimiy nazoratda boʻlishi, oʻz vaqtida davolanishi imkoniyati yaratiladi hamda virusli gepatitlarning turli ogʻir asoratlari oldi olinadi.
Reyestr tegishli tibbiyot tashkilotlariga joriy etilib, kelgusida uni dasturiy qoʻllab-quvvatlash va yuritish nazorat qilinadi. Reyestr elektron tizimi tegishli maʼlumotlar bazalari va axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.
Surunkali V va S virusli gepatitida shakllanishi mumkin boʻlgan jigar fibrozi va saratoni rivojlanishini laborator usulda erta aniqlash maqsadida amaliyotga yangi texnologiyalar tatbiq etilib, test toʻplamlari xarid qilinadi. Bu oʻz vaqtida aniqlab, davolash orqali kasalliklarning yanada rivojlanib, ogʻir asoratlar bilan yakunlanishining oldini olishga xizmat qiladi.
2021-yildan boshlab yangi tugʻilgan chaqaloqlarni V virusli gepatitga qarshi emlash tadbiri Milliy emlash taqvimiga kiritilgan boʻlib, emlanganlar orasida hanuzgacha V virusli gepatitga chalinish holati kuzatilmagan. Bu emlashning yuqori daraja samaradorligini koʻrsatadi.
V virusli gepatit yuqtirib olish xavfi yuqori hisoblangan shaxslar, jumladan, biologik toʻqima boʻlgan qon va uning tarkibiy qismlari bilan muloqotda boʻlishi mumkin boʻlgan barcha tibbiyot xodimlarini V virusli gepatitga qarshi emlash bilan toʻliq qamrab olish asosiy maqsadlardandir. Emlanganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq shakllantiriladi.
Shu bilan birga, oʻtkaziladigan skrining tekshiruvlarida dastlab gepatit immunologik tekshiruvlar orqali S virusining yuqqan yoki yuqmagani aniqlanib, yuqqanlik holati maʼlum boʻlgan shaxslarda virusning organizmda mavjud yoki mavjud emasligi zamonaviy yuqori texnologik tekshiruv usullaridan hisoblangan molekulyar-genetik tekshiruv, yaʼni polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) oʻtkaziladi. PZR tekshiruvi orqali 15 ming aholini qamrab olish koʻzda tutilgan.
Bu jarayonda virus aniqlanganda, yaʼni davolanishga muhtoj boʻlgan 10 ming 500 nafar kishini davlat byudjeti hisobidan bepul toʻla davolash kursi amalga oshiriladi. Bu tufayli, bir tomondan, bemorning kasallikdan oʻz vaqtida xalos boʻlishi orqali jigar sirrozining oldi olinsa, ikkinchi tomondan, davolangan odam endi S virusli gepatit boʻyicha kasallik manbai boʻla olmaydi. Bu esa kasallikning keyingi tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Dunyoning 17 ta mamlakatidagina S virusli gepatitga chalingan bemorlar davlat hisobidan tekin davolanadi. Oʻzbekiston ham shunday davlatlar qatorida.
Har qanday kasallikni davolagandan koʻra, oldini olgan ham oson, ham samarali ekani bois, asosiy eʼtibor profilaktikaga qaratilmoqda. Sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, virusli infeksiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari boʻyicha aholi oʻrtasida keng qamrovli tushuntirish, targʻibot va tashviqot ishlarini olib borish eng asosiy yoʻnalishlardan biridir. Umuman, bu saʼy-harakatlar xalqimiz va barcha tibbiyot xodimlari uchun katta yutuq.