Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari F.Gʻoyibnazarov Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining faxriy maslahatchisi Kim Yunse ishtirokida Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda pandemiya sharoitida mehnat migratsiyasi jarayonlarini tiklash masalasi muhokama qilindi hamda xorijiy mehnat migrantlarini koreys ish beruvchilari tomonidan tanlab olish tartiblari haqida maʼlumot almashildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorlashayotganligi va vaksina bilan emlanish jarayonlari izchil amalga oshirilayotganligi haqida soʻz yuritildi.
Joriy yil 25-oktyabr kunidagi statistik maʼlumotlarga koʻra, Koreya Respublikasida toʻliq vaksina olgan aholi 70 foizni tashkil etayotgani munosabati bilan 1-noyabrdan karantin choralari bosqichma-bosqich yumshatilishi rejalashtirilmoqda. 

Oʻz navbatida, Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati vakillari karantin choralarining yumshatilishi ikki davlat oʻrtasidagi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tiklanishiga umid qilayotganini bildirdi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.