Ozarbayjon 1991-yil 28-dekabrda Oʻzbekiston mustaqilligini tan oldi, 1995-yil 2-oktyabrda mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatildi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida tarixan shakllangan yaqin doʻstona munosabatlar oʻz taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga koʻtarilgan. Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot tufayli Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklik hamda koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari barcha yoʻnalishlarda jadal ravnaq topmoqda.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2022-yil 21-22-iyun kunlari Oʻzbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea boʻldi, chunki unda ikki davlat oʻrtasida Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi deklaratsiya qabul qilindi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlari 2022-yil sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining yigʻilishi doirasida Samarqand shahrida ham uchrashdilar, unda raislik qilayotgan mamlakatning faxriy mehmoni sifatida Prezident Ilhom Aliyev ishtirok etdi.
Oʻsha yili 10-11-noyabr kunlari Prezident Ilhom Aliyev rafiqasi, birinchi vitse-prezident Mehribon Aliyeva bilan birgalikda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Joriy yil 1-2-mart kunlari boʻlib oʻtgan Qoʻshilmaslik harakati sammitidagi ishtiroki doirasida ikki mamlakat Prezidentlari Bokuda uchrashdilar.
2017-yildan buyon oliy darajadagi muloqotning faollashuvi delegatsiyalar almashuvi jadallashishiga koʻmaklashmoqda. 6 yil davomida tomonlarning 70 dan ortiq yuqori darajadagi tashrif almashuvi boʻlib oʻtdi.
Parlamentlararo hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. 2020-yili ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari – Oʻzbekiston Oliy Majlisi va Ozarbayjon Milliy Majlisida parlamentlararo hamkorlik guruhlari tuzildi. 2022-yilda ikki mamlakat parlamentlari palatalarining raislari va spikerlarining qator oʻzaro tashriflari boʻlib oʻtdi, tashriflar davomida ular Oʻzbekiston Prezidenti va Ozarbayjon Prezidenti tomonidan ham qabul qilindi.
Parlamentlar vakillari Oʻzbekiston va Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan Prezident va parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida, shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik turli tadbirlarda muntazam ravishda ishtirok etib kelishmoqda.
2016-yil sentyabr oyidan buyon ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yettita uchrashuv oʻtkazildi.
2022-yil 1-avgust kuni Toshkentda Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, iqtisodiyot va transport vazirlarining birinchi uch tomonlama yigʻilishi tashkil etildi, uning yakunlari boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH va Qoʻshilmaslik harakati doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgani barobarida bir-birining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlamoqda.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon BMTning xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, xavfsizlikka zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, yadro qurolini tarqatmaslik rejimini mustahkamlash, inson huquqlari himoyasi, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻxshash nuqtayi nazarlarga ega.
Ozarbayjon Oʻzbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash (2018), diniy bagʻrikenglik (2018), sayyohlikni rivojlantirish (2019), Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish (2021), Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash (2022), Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish (2022) boʻyicha qabul qilingan rezolyutsiyalarni qoʻllab-quvvatladi va hammuallif boʻldi.
Shuningdek, Ozarbayjon Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi 2023-yilda Samarqand shahri oʻtkazilishi uchun uning nomzodini qoʻllab-quvvatladi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon boshqa davlatlar bilan birgalikda YUNESKO Reprezentativ roʻyxatiga toʻrtta koʻp millatli faylni — Navroʻz (2016), Miniatyura sanʼati (2020), Ipakchilik va toʻqish uchun anʼanaviy ipak ishlab chiqarish, Xoʻja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash anʼanalarini (2022) kiritishdi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aloqalari erkin savdo rejimida amalga oshirilmoqda. 1998-yilda tuzilgan Hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning samarali mexanizmi hisoblanadi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi tovar aylanmasi 2016-yildan buyon 6 barobar oshdi, 2022-yil yakunlari boʻyicha 180 million dollardan ziyodni tashkil etdi. Joriy yilda ham savdo aylanmasi oʻsishda davom etdi – 2023-yilning 7 oyi davomida bu koʻrsatkich 144 million dollarga yetdi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 203 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning asosiy faoliyat yoʻnalishlari savdo, mashinasozlik, metallga ishlov berish, moliya va sugʻurta, koʻchmas mulk, energetika, xizmatlar, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va yengil sanoatni qamrab olgan.
2020-yili tashkil etilgan Oʻzbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani holda muntazam ravishda turli yigʻilishlar oʻtkazmoqda.
Joriy yil fevral oyida Oʻzbekiston va Ozarbayjon ustav kapitali 500 million dollarni tashkil etadigan investitsiya jamgʻarmasini tuzdi. Jamgʻarma mablagʻlari qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.
2021-yildan buyon ikki mamlakat tadbirkorlari kooperatsiya aloqalari va sarmoyaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etilgan biznes forumlar va koʻrgazmalar doirasida bir necha marotaba uchrashdilar. Ularning yakunlari boʻyicha oʻn millionlab AQSH dollariga teng shartnomalar imzolandi.
Transport sohasi Oʻzbekiston va Ozarbayjonning iqtisodiy ravnaqi uchun muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻz salohiyatlarini teran anglagan holda Markaziy Osiyo va Kavkazning markaziy xabiga aylanish uchun milliy va mintaqaviy darajadagi saʼy-harakatlarni hayotga tatbiq etmoqda.
Bunday sharoitda mamlakatlarimizning ushbu ikki mintaqani bogʻlaydigan transport yoʻlaklarini rivojlantirishga intilishi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu oʻzaro yuk tashish hajmini koʻpaytiradi va nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqa miqyosida tranzit salohiyatini oshiradi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlik ham sezilarli darajada faollashdi. Hozirgi kunda Bokudan Toshkent, Samarqand, Urganch va Fargʻona shaharlariga toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovlari amalga oshirilmoqda. Mintaqaviy delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Joriy yil fevral oyida Toshkentda Oʻzbekiston – Ozarbayjon mintaqalarining birinchi forumi boʻlib oʻtdi. Samarqand va Ganja, Xiva va Shusha, Buxoro va Lankaron, Qoʻqon va Sheki shaharlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar imzolandi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuv chogʻida “Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlarini birlashtiruvchi asosiy qadriyat – bu madaniyatdir”, deya taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy va maʼnaviy aloqalar chuqur tarixiy ildizlarga ega. Oʻzaro aloqalar asrlar davomida rivojlana borib, gʻoyaviylik va mohiyat nuqtayi nazaridan bir-biriga hamohang, shakl va mazmun jihatidan uygʻunlik kasb etgan. Oʻzbek va ozarbayjon xalqlarining atoqli namoyandalari jahon madaniyati, ilm-fani va adabiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan. Ikki xalq adabiyotining buyuk namoyandalari — Alisher Navoiy, Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy nomlari va bebaho merosi Oʻzbekiston va Ozarbayjonda behad eʼzozlanadi, avaylab asraladi va chuqur oʻrganiladi. Ikki davlat poytaxtlarida Alisher Navoiy (Boku) va Nizomiy Ganjaviy (Toshkent) haykallari oʻrnatilgan.
Umuman, har ikki mamlakatda oʻtkaziladigan turli madaniy va boshqa turli tadbirlarda ishtirok etadigan, shu jumladan, yuqori darajadagi delegatsiyalarning oʻzaro almashuvlari muntazamlik kasb etgan. Bular musiqa festivallari, oʻzbek va ozar xalqlarining buyuk ajdodlari ijodi va merosiga bagʻishlangan ilmiy anjumanlar, kino va madaniyat kunlari, koʻrgazmalar va boshqalardir.
Ana shunday tadbirlardan biri yaqinda, avgust oyi boshida Bokuda katta muvaffaqiyat bilan oʻtkazilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻldi. Tadbirlar dasturidan Oʻzbekiston va Ozarbayjonning mashhur sanʼatkorlari ishtirokidagi katta konsert, teatr tomoshalari va boshqa tadbirlar joy oldi, ular Ozarbayjon jamoatchiligi tomonidan cheksiz iliqlik va samimiyat bilan qarshilandi.
Joriy yil aprel-may oylarida mamlakatimizda Oʻzbekiston — Ozarbayjon munosabatlari rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Ozarbayjonning umummilliy yetakchisi Haydar Aliyevning 100-yilligiga bagʻishlangan qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan ozar millatiga mansub yurtdoshlarimiz ham xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Oʻz madaniyati va anʼanalarini avaylab asrash, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, dinlararo muloqotni kengaytirish, taʼlim va yoshlarni ahloqiy jihatdan tarbiyalashda ularga 2003-yili tuzilgan Ozarbayjon Madaniy markazlari uyushmasi, shuningdek, Ozarbayjon madaniyati markazi yaqindan koʻmaklashmoqda.
Bugun komil ishonch bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston va Ozarbayjonning qardoshlik aloqalari kun sayin mustahkamlanib bormoqda. Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar xalqlarimiz farovonligi yoʻlida ikki mamlakat hamkorligini mustahkamlash yoʻlidagi muhim bosqich boʻlib qoladi.
“Dunyo” AA









