Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro kelishuvlarni amalga oshirishning joriy holati hamda oliy darajada boʻlishi kutilayotgan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish ishlari muhokama qilindi.
“Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikning amaliy jihatlari alohida muhokama qilindi.
Tomonlar toʻqimachilik, charm, farmatsevtika va kimyo sanoati, energetika, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida qator istiqbolli qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etishga alohida toʻxtalib, yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda tadbirkorlarga har tomonlama koʻmak berishga sodiqligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Pokiston Hukumatlararo komissiyasining VI-yigʻilishi hamda har ikki mamlakatning yetakchi ishbilarmon doiralari ishtirokida Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.