Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Rossiya Federatsiyasi mehnat va bandlik federal xizmati, Rossiya Federatsiyasi mehnat va ijtimoiy himoya, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Qurilish vazirliklari, Rossiya Xalqlar doʻstligi universitetining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Ishchi guruhi yigʻilishida Hukumatlararo kelishuvning amalga oshirish jarayoni, xususan, pandemiya sharoitida Oʻzbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyotining turli tarmoqlariga ishga jalb qilish, fuqarolarni rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi boʻyicha oʻqitish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patent rasmiylashtirish uchun talab etiladigan tibbiy koʻrik xizmatlarini Oʻzbekistonda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.