Vengriya O'zbekistonning Yevropadagi muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasida bu sheriklik yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, so'nggi to'rt yilda ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro savdo aylanmasi hajmi salkam uch barobarga o'sdi. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, o'tgan yili ham bu ijobiy dinamika saqlab qolindi.

Ishbilarmonlar va hududlar o'rtasida yaqin aloqalar yo'lga qo'yilgani bunda muhim omil bo'lmoqda. Xususan, joriy yil fevral oyida Budapeshtda iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishi va biznes forum o'tkazilgan edi.

Vengriya Bosh vazirining shu yil 29-mart kuni mamlakatimizga tashrifi doirasida bo'lib o'tgan ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisida ikki tomonlama hamkorlik bobida hali ishga solinmagan juda katta imkoniyatlar borligi ta'kidlandi. Asosiy e'tibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Muzokarada mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlashni ko'paytirish, savdo hajmi muvozanatini tenglashtirish, zarur mahsulotlarni o'zaro etkazib berishni faollashtirish muhimligi aytilib, bu borada Budapeshtda tashkil etilayotgan O'zbekiston–Vengriya savdo uyi imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi ta'kidlandi.

Sanoat kooperatsiyasi — hamkorlikning yana bir ustuvor yo'nalishidir. Vengriyaning ilg'or tajribasi asosida O'zbekistonda oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Hududlar o'rtasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda. Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, jumladan, qishloq xo'jaligini sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini tatbiq etish mo'ljallanmoqda.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat hududlari o'rtasida sheriklik aloqalarini o'rnatish, har yili Mintaqalar forumini o'tkazish taklifini bildirdi. Vengriya qishloq xo'jaligi, mevalarni saqlash va qayta ishlash, baliqchilik hamda urug'chilik sohalaridagi ilg'or tajriba va texnologiyalar bilan almashishga tayyorligini bildirdi.

Ochiq va amaliy ruhda bo'lib o'tgan muzokaralar chog'ida O'zbekiston-Vengriya munosabatlarining deyarli barcha yo'nalishlari atroflicha muhokama qilinib, birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlik masalalariga jiddiy e'tibor qaratildi. Oxirgi to'rt yilda tovar ayirboshlashni deyarli uch barobarga o'sgani aytilib, bu ko'rsatkichni kelgusida bir necha barobarga oshirish lozimligi qayd etildi.

Bu borada ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlar etkazib berishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingani ayni muddaodir.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning yurtimizga rasmiy tashrifi doirasida bo'lib o'tgan ochiq va konstruktiv ruhdagi muzokaralarda davlatlar rahbarlari O'zbekiston–Vengriya munosabatlarining deyarli barcha yo'nalishlarini har tomonlama muhokama qilishdi. eng avvalo, iqtisodiy hamkorlik masalalariga jiddiy e'tibor qaratildi. 2017 yildan buyon mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar aylanmasi hajmi deyarli uch barobarga o'sgani buning poydevori bo'lib xizmat qiladi.

O'zbekiston biznes sohasi vakillarining fikricha, tashrif davomida  Vengriya bilan bo'lib o'tgan ikki tomonlama Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisini muvaffaqiyatli va samarali deb baholash mumkin. Chunki unda ko'plab kelishuv va shartnomalar tuzildi. Bu formatdagi tadbirning samaradorligi — unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinganidir. Ochiq muloqot hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun o'zaro manfaatdor sohalarini aniq belgilash imkonini berdi.

Joriy yilning fevral oyida Budapeshtda O'zbekiston–Vengriya biznes forumi o'tkazilgani hammamizga yaxshi ma'lum. Unda ikki mamlakat  ishbilarmonlik doira vakillari yig'ildi. Forum yakunida parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik, va oziq-ovqat sanoati sohalari bo'yicha O'zbekistonning turli viloyatlarida 12 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolangan edi. Qolaversa, 76 ta yangi istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda o'rganishga kelishib olingan, ularning 26 tasi bo'yicha O'zbekiston va Vengriya tomonidan sheriklar aniqlanib, hozirda muzokaralar olib borilmoqda.

O'zbekiston ishbilarmon doiralari mahsulot etkazib berishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish orqali Vengriya bilan tovar aylanmasi hajmini yanada oshirishdan manfaatdor ekanliklarini alohida qayd etish joiz.

Muzokaralar yakunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev va Bosh vazir Viktor Orban O'zbekiston Respublikasi bilan Vengriya o'rtasidagi strategik sheriklik to'g'risidagi qo'shma deklaratsiyani hamda ko'p qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjatning imzolanishi davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarishi muqarrar.

Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to'g'risida bitim, Innovatsiyalar sohasida hamkorlik to'g'risida anglashuv memorandumlari, Madaniyat sohasida hamkorlik dasturi, Qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va chorvachilik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha “yo'l xaritasi”, Suv xo'jaligi sohasida hamkorlik to'g'risidagi hadli bitimlar, shular jumlasidandir. O'z navbatida, ikki mamlakatning barcha hududlarini faol jalb qilgan holda, har yili Mintaqalar forumini o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilindi.

Xulosa o'rnida ta'kidlash joizki, xalqaro va mintaqaviy masalalar bo'yicha ikki mamlakatning qarash va yondashuvlari o'xshash. Vengriya tomoni O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish rejalarini qo'llab-quvvatlaydi. Shundan kelib chiqib, faol rivojlanib sifat jihatidan yuqori bosqichga ko'tarilgan O'zbekiston va Vengriya munosabatlari istiqbolli strategik va samarali hamkorlikning boshida turibdi, desak mubolag'a emas.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o'rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari