O'zbekistonning ShHT ishlari bo'yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov muxbirimizga ana shu muhim strategik hujjatning ahamiyati haqida so'zlab berdi.

– Samarqand sammiti doirasida ShHTning bunday strategik ahamiyatga ega sohalarda hamkorlikni o'rnatish va rivojlantirishga qaratilgan kontseptual hujjati qabul qilinishi mamlakatlarimiz tranzit va iqtiosdiy salohiyatini to'liq ishga solish hamda Sharq–G'arb va Shimol–Janub koridorlari tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, – dedi R.Nurimbetov. – Bu, albatta, tarixiy yangilanish davriga asos solishi bilan izohlanadi. Ya'ni, biz qaytadan tiklanayotgan Buyuk ipak yo'lining muhim asoschilaridan biriga aylanyapmiz va bunda Prezidentimiz ilgari surayotgan o'zaro bog'liqlik strategiyasining ahamiyati katta.

Bu strategik hujjatning hayotga tatbiq etilishi, birinchidan, ShHTga a'zo davlatlarning birgalikda rivojlanish maqsadlariga xizmat qilsa, ikkinchidan, koronavirus pandemiyasiga o'xshagan global inqirozlarning oldini olishga qaratilgan juda muhim qadam, istiqbolni ko'ra bilishga qaratilgan tashabbus, deyish mumkin.

Markaziy Osiyo mintaqasi geografik jihatdan tabiiy izolyatsiya makonida joylashgan. Shu bois, bugungi tahlikali dunyoda biz uchun muqobil, ko'p tarmoqli transport koridorlari juda muhim. Bugun faqat bitta davlat yoki bitta mintaqaga bog'liq koridorlarga ishonch hosil qilish etarli emas. Biz uchun dunyoning to'rt tomoniga muqobil transport koridorlari kerak. Bu iqtisodiy o'sishimizning va barqaror taraqqiyotimizning eng muhim shartlaridan biri. Bu butun Markaziy Osiyo uchun birdek manfaatli.

Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekistonning ming yillar davomidagi taraqqiyoti Buyuk ipak yo'li bilan bog'liq bo'lgan. Buyuk ipak yo'lining inqirozga uchrashi mintaqamizning taraqqiyot markazlaridan uzilib qolishiga olib kelgan.

Oradan necha asrlar o'tib bugun dunyoda yangi tarix, yangi xalqaro vaziyat yuzaga kelmoqda. Markaziy Osiyoning roli yana tarix sahnasiga qaytmoqda. Bu jarayonlar, tabiiyki, O'zbekistondan tashabbuskorlikni talab qilmoqda va bu Prezidentimizning uzoqni ko'zlagan diplomatik strategiyasida o'z ifodasini topmoqda. Chunki bugungi O'zbekiston yangi Buyuk ipak yo'li markazida joylashgan qudratli, demografik, tarixiy-madaniy aloqalar, geosiyosiy, iqtisodiy jihatdan juda muhim va ishonchli davlatga aylangan.

Eng asosiysi, O'zbekiston bugungi kunda ochiq tashqi siyosat yuritmoqda. Bu ochiqlik O'zbekistonga yangi dunyoda o'zaro bog'liqlikni ilgari surish uchun katta imkoniyat, ishonch beradi. Mana shu ishonch tufayli ShHTdagi barcha sheriklarimiz O'zbekiston tomonidan ilgari surilgan o'zaro bog'liqlik kontseptsiyasini bir ovozdan qo'llab-quvvatlamoqda. Joiz bo'lsa, bu strategik hujjat yanada kengayib borayotgan ShHT uchun yangi kun tartibini belgilab berishga qaratilgan, desak to'g'ri bo'ladi. Xitoy bilan Markaziy Osiyoni, Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyoni bog'lab turgan ShHT Samarqand sammitida Yaqin Sharq tomon kengayish arafasida turibdi.

Bir so'z bilan aytganda, Prezidentimiz ilgari surgan o'zaro bog'liqlik kontseptsiyasi ShHT makoni kengayishi bilan hamohang va shunga asos yaratadi. O'zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar taraqqiyotga, farovon kelajakka, ShHT davlatlari va umuman Evroosiyoda keng hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan strategik tashabbuslardir.