Aynan mazkur yoʻnalishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qoʻshni davlatlar bilan transport yoʻlaklarini yanada diversifikatsiya qilish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshirish, yuklarni tranzit qilish tartibini soddalashtirish uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yil 26-27-mart kunlari Oʻzbekiston, Pokiston va Afgʻonistonning yirik transport-logistika kompaniyalari, Xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi hamda transport va bojxona idoralari vakillari ishtirokida Termiz shahrida transport masalalari boʻyicha uch tomonlama ishchi guruh uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari O. Choriyev ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida mintaqa mamlakatlari boʻylab xalqaro yuk tashishni rivojlantirishning amaliy jihatlari, shu jumladan haydovchilik guvohnomalarini, emlanganlik toʻgʻrisida sertifikatlarni oʻzaro tan olish mexanizmlari, shuningdek, vizalar berish tartibi muhokama qilindi. Pokiston tomoni bir qator bojxona tartibotlarini raqamlashtirishni taklif qildi. Bu yuk tashuvchilar tomonidan bojxona nazoratidan oʻtishining shaffofligi va samaradorligini taʼminlaydi.

Tadbirda terminallar oʻtkazuvchanlik imkoniyatlarini oshirish, belgilangan muddatdan koʻproq vaqt davomida qolib ketgan transport vositalari uchun jarimalarni qoʻllash tartibini koʻrib chiqish va oʻz faoliyati davomida transport va logistika kompaniyalari duch keladigan boshqa masalalarni hal qilish boʻyicha birgalikda ishlashga tayyorlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.