O‘zbekiston Amerika davlatlari tashkiloti huzuridagi doimiy kuzatuvchi maqomini oldi

    Dolzarb 4 Noyabr 2021 1029

    Amerika davlatlari tashkiloti (ADT) Doimiy kengashi kecha O‘zbekistonga yakdil ovoz bilan doimiy kuzatuvchi maqomini berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA  muxbiri.

    ADT Shimoliy va Janubiy Amerikaning 35 davlatidan tashkil topgan. O‘zbekiston G‘arbiy yarim shardagi eng uzoq tarixga ega xalqaro tashkilotning 73-doimiy kuzatuvchisi bo‘ldi.

    O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov ADT Doimiy kengashi raisi Joshua Fiajo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda tomonlar mintaqaviy va global xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, inson huquqlari va demokratik erkinliklarni taʼminlash, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani rag‘batlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

    Qo‘mitaning ixtisoslashtirilgan muassasalari va affillangan tuzilmalari bilan qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya, fan-taʼlim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollari alohida muhokama qilindi.

    Joshua Fiajo, shuningdek, O‘zbekistonning Lotin Amerikasi va Karib dengizi mamlakatlari bilan, birinchi navbatda, savdo va sarmoya sohasida o‘zaro manfaatli munosabatlar o‘rnatish uchun tashkilot platformasidan foydalanish istagini qo‘llab-quvvatladi.

    Diplomat O‘zbekistonning ADT faoliyatidagi ishtiroki o‘zaro manfaatli bo‘lishi, respublikaga global muammolarni hal etish va mintaqaviy hamkorlikda tajriba almashish uchun qulay imkoniyat taqdim etishiga ishonch bildirdi.

    Doimiy kengash raisi O‘zbekistonni mazkur tashkilot Bosh Assambleyasining 9-11 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan 51-sessiyasida ishtirok etishga taklif qildi.

    Amerika davlatlari tashkiloti 1948 yil Pan-Amerika ittifoqi (1889 yilda tuzilgan) negizida tashkil etilgan. ADT tashkilotga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ularning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadlariga xizmat qiladi. ADT huzuridagi Doimiy kuzatuvchilar instituti 1971 yilda tashkil etilgan. Tashkilot bosh qarorgohi Vashingtonda joylashgan.