Oʻzbekiston “Better Work” xalqaro dasturiga qoʻshildi

    Bu milliy toʻqimachilik sanoatiga nima beradi?

    Toʻqimachilik sanoati Oʻzbekistonning nafaqat iqtisodiy rivoji, balki jahon bozoridagi oʻrnini belgilab beruvchi asosiy yoʻnalishlardan biriga aylanib bormoqda. Uzoq yillar davomida dunyo bozoriga faqat paxta xomashyosi sotib kelgan mamlakatimiz bugun paxtani qayta ishlashning toʻliq zanjirini yaratdi, “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi tayyor toʻqimachilik mahsulotlari koʻplab davlatlarga kirib boryapti. Ayniqsa, oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan taqiqning 2022-yilda bekor qilinishi milliy toʻqimachilik sanoatimizda yangi davrni boshlab berdi va tarmoqqa jahonning mashhur brendlari katta qiziqish bildirmoqda.

    Oʻtgan hafta poytaxtimizda boʻlib oʻtgan “UzTextile Expo Spring — 2023” toʻqimachilik haftaligida bunga yana bir karra guvoh boʻldik. Haftalik doirasida oʻtkazilgan yirik forum va tadbirlarda 160 dan ortiq xorijiy kompaniya vakillari ishtirok etib, mahsulotlarini namoyish etish barobarida milliy toʻqimachilik bozorimiz bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi. Keng muloqot maydonida erishilgan hamkorlik kelishuvlari, imzolangan yirik bitimlar koʻlami esa avvalgi yillardagidan ancha yuqori. Yurtimiz va xorijning masʼul tashkilotlari oʻrtasida imzolangan 2023-2024-yillarda Barqaror rivojlanish boʻyicha hamkorlikdagi tadbirlar rejasi, yaʼni yoʻl xaritasi shular jumlasidan.

    Toʻqimachilik haftaligi yana bir yirik memorandum — Oʻzbekistonning rasman “Better Work” dasturiga qoʻshilishiga doir hujjat imzolanishiga ham yoʻl ochdi. Kelishuvlar asnosida mazkur dasturni yurtimizda tatbiq etish boʻyicha loyihaga start berildi. Endilikda Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro moliya korporatsiyasining tikuv-toʻqimachilik sanoatida munosib mehnat standartlari va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Better Work” qoʻshma dasturining rasmiy aʼzosi sifatida jahon brendlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

    Ushbu dastur dunyo toʻqimachilik sanoatida oʻz oʻrni va nufuziga ega. U davlatni mashhur brend va kompaniyalar uchun yuqori sifatli toʻqimachilik mahsulotlarining barqaror va masʼuliyatli ishlab chiqaruvchisi sifatida qabul qilinishi kafolati hisoblanadi. Birgina misol, joriy yil 25-martda mashhur “Disney” brendi Oʻzbekistonni ham oʻz ichiga olgan mahsulot yetkazib beruvchi mamlakatlar roʻyxatini eʼlon qildi. Ammo bunda mamlakatda “Better Work”ning faoliyat yuritishi asosiy talab sifatida koʻrsatilgan.

    Xoʻsh, xalqaro dastur unga aʼzo mamlakatlar oldiga qanday talablar qoʻyadi? Mazkur talablar bir qancha boʻlib, avvalo, shu sohada mehnat qilayotgan har bir ishchining mehnat huquqlarini taʼminlash loyihaning bosh mezonidir.

    Bu uning nomidan ham maʼlum. Yaʼni “Better Work” inglizchadan tarjima qilinganda “munosib mehnat” maʼnosini anglatadi. Tikuv-toʻqimachilik korxonalaridagi mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda ishchilarning mehnat huquqlarini taʼminlash, korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish kabilar dasturning asosiy maqsad-vazifalari qatoridan joy olgan. Shu maqsadda dastur doirasida korxonalar, ayniqsa, ayollar uchun mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodim va boshqaruv tizimi oʻrtasida muloqotni oʻrnatish, samarali boshqaruv tizimlari, kadrlar malakasini oshirish, asosiy milliy mehnat standartlari va Xalqaro mehnat tashkiloti standartlariga rioya qilish boʻyicha maslahat xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.

    Ayni paytda xalqaro loyiha aʼzolari qatoriga Bangladesh, Vyetnam, Gaiti, Misr, Indoneziya kabi davlatlar kiradi. Dasturning umumiy qamrovi 2,4 milliondan ortiq kishi ishlaydigan 1,7 ming fabrikani oʻz ichiga oladi. Ushbu tashabbusning hamkorlari esa toʻqimachilik, trikotaj va tikuvchilik sohasidagi yirik va xalqaro miqyosda tan olingan 40 dan ortiq kompaniyadan iborat. Bunga misol tariqasida H&M, S&A, Leviʻs, GAP kabi yirik brendlar nomini keltirish mumkin.

    Xalqaro mehnat tashkilotining “Better Work” dasturiga qoʻshilishning oʻz talablari bor. Talabgor davlat 10 ta mezon asosida baholanib, soʻng aʼzolikka qabul qilish boʻyicha xulosa beriladi. Mezonlar qatʼiy va xalqaro ahamiyatga ega boʻlib, ular orasida sohada mehnat standartlariga muvofiqlik bilan bogʻliq muammolar mavjudligi, mamlakatdagi ijtimoiy va siyosiy barqarorlik, xalqaro xaridorlarning ushbu yetkazib beruvchi mamlakatga boʻlgan qiziqishi, dasturning moliyaviy va institutsional barqarorligi uchun imkoniyatlar mavjudligi, sanoat imkoniyatlari kabi jihatlar jiddiy eʼtiborga olinadi.

    Oʻzbekiston dasturga qoʻshilish uchun qator majburiyatlar, xususan, tovon puli toʻlash, shartnomalar tuzish shartlari, mehnatni muhofaza qilish, xodimlarning sogʻligʻi va ish vaqti, kasaba uyushmalari faoliyati erkinligini taʼminlashni oʻz zimmasiga oladi.

    Shu oʻrinda ushbu dasturga aʼzolik bizga nima beradi, degan savol tugʻiladi. Yuqorida taʼkidlanganidek, avvalo, toʻqimachilik sohasidagi xalqaro brendlarning yurtimiz bilan hamkorligini oshiradi. Joriy yilda toʻqimachilik sanoatimizda eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu yoʻlda “Better Work” dasturi qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

    Tufts universiteti tomonidan dastur samaradorligi mustaqil baholanganida, u aʼzo davlatlar uchun qator natijalar berishi aniqlandi. Jumladan, korxonalarning ishlab chiqarish koʻrsatkichlari, rentabelligini oshirib, buyurtma portfeli oʻsishiga turtki beradi. Ishchilar uchun ish sharoitlari yaxshilanishi, ortiqcha ish vaqti va taʼqiblar mavjud emasligi, erkaklar va ayollar oʻrtasida teng mehnat haqi, munosib ijtimoiy taʼminot, yuqori oylik, samarali kasaba uyushma mexanizmlarini yaratishga xizmat qiladi.

    Ushbu dastur loyihasini amalga oshirish inson huquqlari birlamchi oʻringa koʻtarilgan mamlakatimizda yanada ahamiyatli koʻrinadi. Boisi, dasturga qoʻshilish orqali Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash sohasidagi tavsiyalarga binoan oʻz xalqaro majburiyatlarini qatʼiy bajarish vazifasini zimmasiga olmoqda. Bu uning jahon maydonida ushbu yoʻnalishdagi obroʻsini yanada mustahkamlashi, bu orqali xorijlik hamkorlar ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

    Qolaversa, dasturni amalga oshirish mehnat munosabatlari sohasidagi milliy qonunchilikning amaliy qoʻllanilishi hamda takomillashishini oshiradi, mehnat sharoitlarini yaxshilash va aholi daromadlarining oʻsishiga koʻmaklashadi. Milliy tikuv-toʻqimachilik sanoatiga energiya tejovchi texnologiyalarni keng tatbiq etish, ishlab chiqarishning ekologiyaga taʼsirini kamaytirish bilan birga, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga yanada keng yoʻl ochadi.

    Gulruh NIYAZMETOVA,

    Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi

    Davlat mehnat inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari