Oʻzbekiston bilan YETTB oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi

    Investitsiyalar 18 Noyabr 2021 1120

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) delegatsiyasini qabul qildi.

    Uchrashuvda YETTBning moliya institutlari boʻyicha boshqaruvchi direktori F.Malij, Markaziy Osiyo, Moʻgʻuliston va Rossiyadagi moliya institutlari guruhi direktori G.Orlov, YETTBning gender masalalari va iqtisodiy integratsiya boʻyicha direktori B.Rambusek hamda Bankning boshqa vakillari va ekspertlari ham ishtirok etdi.

    Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, Oʻzbekistonda YETTB tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarning amalga oshirilishi hamda munosabatlarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Yaqin kelajakda iqtisodiy islohotlar va tarkibiy oʻzgarishlar sohasida davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirish, shuningdek, moliya sektori va kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik masalalari koʻtarildi.

    Oʻzbekiston tomoni YETTB tomonidan bank sektori, togʻ — kon, kimyo sanoati va eksport salohiyatini yuksaltirish sohalarida koʻrsatilayotgan maslahat yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

    Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi hamkorlikdagi ishlarni faollashtirishga kelishildi.

    Uchrashuv yakunida ikkala tomon ham manfaatdor boʻlgan muhim masalalar ustida ish olib borildi hamda munosabatlarning koʻrib chiqilgan yoʻnalishlari doirasida kelgusidagi amaliy hamkorlik tadbirlari belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.