Suhbat davomida Oʻzbekiston hukumati tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, global inqiroz jarayonining milliy iqtisodiyot va mamlakat aholisi farovonligiga taʼsirini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Energetika, uy-joy kommunal xoʻjaligi, ekologiya va xususiy sektor sohasidagi loyihalar atroflicha koʻrib chiqildi. Tomonlar davom etayotgan loyihalarning amalga oshirilishini yana-da tezlashtirish zarurligi hamda pandemiyaning mamlakat iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini bartaraf etish uchun oʻzaro hamkorlikning istiqbolli mexanizmlari haqida fikr almashdi.
YETTB rahbariyati tomonidan Oʻzbekistonda xususiy tadbirkorlikni moliyalashtirishni sezilarli darajada oshirish strategik maqsad sifatida belgilangani maʼlum qilindi. Shu sababli Oʻzbekiston tijorat banklariga kichik va oʻrta biznes loyihalari uchun kredit liniyalari shaklida qoʻshimcha moliyalashtirishni taqdim etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston bank va energetika sohasidagi islohotlarni izchil amalga oshirishda Bank bilan hamkorlikning ahamiyati qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan mamlakatimizning qator tijorat banklarida davlat ulushini xususiylashtirish, energetika sohasida davlat-aksiyadorlik kompaniyalarining korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, shuningdek, neft-gaz sanoatidagi islohotlar jarayonini boshlash bilan bogʻliq dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Uchrashuvda yuqori eksport salohiyatiga ega boʻlgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining eng samarali tarmoqlaridan biri – toʻqimachilik sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirish istiqbollarini muhokama qilindi.
Shuningdek, YETTBning “Markaziy Osiyoda ishbilarmon ayollar” maxsus dasturi orqali Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatlari tahlil qilindi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston bilan YETTB oʻrtasida aniq yoʻnalishlar va loyihalar boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirishga kelishib olindi.