Unda muallif O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan suhbat uyushtirgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Quyida maqolaning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

“Pandemiya O‘zbekistonni to‘xtata olmadi: biz xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda ishlab chiqarish va eksportni tezda tiklashga muvaffaq bo‘ldik. Moliya vazirligi virusga qarshi kurashish, aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 950 million yevroga yaqin mablag‘ga ega Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasini tuzdi. Shu bilan birga, qiymati 4 milliard yevroni tashkil qiluvchi biznesga yordam paketlari qabul qilindi”.

Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov O‘zbekiston pandemiya muammosini qanday hal etayotganini tushuntirib berdi.

– Virusni to‘xtatish uchun qanday choralar ko‘rildi?

– Yangi shifoxonalarni foydalanishga topshirdik va maxsus karantin zonalarini qurdik. Bemorlarni davolash xalqaro ilg‘or tajriba asosida, shu jumladan xorijiy mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston boshqa mamlakatlarga, jumladan, Tojikiston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya va Vengriyaga yordam ko‘rsatdi. 2020 yilning birinchi choragida 2019 yilga nisbatan qo‘shnilar bilan savdo aloqalari kamaymadi. Markaziy Osiyoda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun muhim bo‘lgan yaxshi qo‘shnichilik muhiti hukm surmoqda.

– Bugungi va o‘tmishdagi O‘zbekistonning o‘ziga xos farqli xususiyatlari nimada namoyon bo‘lmoqda?

– Bugungi O‘zbekiston rivojlanib borayotgan mamlakat va boshlangan islohotlar ortga qaytmaydi. 2019 yil to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2018 yilga nisbatan 3,7 baravarga ko‘p demakdir. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi. Iqtisodiy o‘sish 5,6 foizni tashkil etdi: sanoat ishlab chiqarishi 6,6 foizga, eksport 28 foizga o‘sdi, oltin-valyuta zaxiralari 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.

– Siz rahbarlik qilayotgan vazirlik qanday maqsadlar sari intilmoqda?

– Biz xorijiy investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar va nou-xaularni jalb qilayapmiz, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatayapmiz hamda xalqaro moliya institutlari, xorijiy davlatlar moliyaviy tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirayapmiz. Qulay investitsiya muhitini yaratish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ustuvor vazifalardan.

– O‘zbekistonda Italiyaning nechta kompaniyasi faoliyat yuritadi?

– Ayni paytda mamlakatimizda Italiyaning 53 ta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 13 tasi 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ish yuritadi. «Confindustria» Italiya sanoati umumkonfederatsiyasi bilan boshlangan hamkorlik va «Confindustria Uzbekistan»ga asos solinishi italiyalik hamkorlarning O‘zbekistonga qiziqishini yanada oshirishga yordam beradi, degan umiddamiz. Biz Italiya tashqi ishlar vaziri Di Mayo va 2019 yil O‘zbekistonga tashrif buyurgan Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan faol muloqotni davom ettirmoqdamiz.

«Tekint» va «Danieli» kompaniyalari avtomobil shishasi ishlab chiqarish va metallurgiya sohalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Toshkentda «Petro Forentini» kompaniyasi ishtirokida elektron gaz hisoblagichlar ishlab chiqarish zavodi foydalanishga topshirildi. Fotoelektr qurilmalari sohasida hamkorlik qilishga qiziqish bildirayotgan kompaniyalar mavjud. Agroturizm sohasida ilg‘or tajribani o‘rganishga qiziqish bor. Biz Italiyadan neft, po‘lat, to‘qimachilik va meva-sabzavot sanoati uchun zamonaviy mashina va qurilmalarni sotib olmoqdamiz. Italiyaga O‘zbekiston gazlamalari, charm, meva va sabzavo mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshiryapmiz. Istiqbolda savdo sohasida o‘zaro hamkorlikda ijobiy o‘sishni kutyapmiz, sanoat kooperatsiyasi aloqalarini o‘rnatishda ulkan salohiyatga egamiz.

– Xorijiy kompaniyalarni jalb qilish uchun qanday tashabbuslar ilgari surilmoqda?

– Mamlakatimizda sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va sayyohlik faoliyati uchun 21 ta erkin iqtisodiy zona yaratildi. Ularda zarur infratuzilma shakllantirilgan, rezidentlar 3 yildan 10 yilgacha soliq va boj to‘lovlaridan ozod qilingan. O‘zbekistonning qulay joylashuvi va MDH davlatlari bilan erkin savdo bitimi mavjudligi qariyb 300 million aholisi bo‘lgan bozorga, shuningdek, Afg‘onistonga mahsulotlarning bojsiz eksport qilinishini kafolatlaydi.

- Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentdagi chiqishlaridan birida bank tizimidagi ortda qolishlarni qayd etdi. Ushbu masalani qay tartibda hal etish rejalashtirilgan?

– Biz banklarni mijozlarga xizmat qilishiga erishishimiz, davlatga an’anaviy tarzda tegishli bo‘lib kelgan sektorni xususiylashtirishimiz va chet ellik ekspertlarni jalb qilishimiz kerak. Italiya banklari va investitsiya fondlari bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Ushbu jarayonlarda YeTTB, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliya institutlari hissasi muhim ahamiyatga ega.

– «Ipak yo‘li vizasi» haqida so‘zlab bersangiz.

– Bugungi kunda 86 mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin. Mazkur tartib natijasida italiyalik sayyohlar oqimi ham ikki baravarga oshdi. «Ipak yo‘li vizasi» XX asrning boshlariga qadar chegaralar bilan ajratilmagan, madaniyati, urf-odatlari va tillari o‘xshash bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlariga sayohat qilishni yanda sifatli tashkil qilish imkoniyatini taqdim etadi. Uni amalga oshirish uchun tashkiliy va texnik masalalarda kelishib olish kerak.