Oʻzbekiston boʻylab ilk marta oʻtkazilayotgan yoshlar “agromarafoni” AKIS markazidan boshlandi

    Agrosektor 29 Sentabr 2021 1614

    Qishloq xoʻjaligida bilim, innovatsiya va xizmatlar AKIS markazida Oʻzbekistonda ilk marotaba “AGROMARAFON” tashkil etildi.

    Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston yosh fermerlari kengashi, Yevropa xalqaro hamkorlik tashkiloti koʻmagi ostida Toshkent davlat agrar universiteti va boshqa qator tashkilot hamda kompaniyalar ishtirokida tashkil etildi.

    Marafon AKIS markaziy maydonida 100 ga yaqin yosh agrarchi-fermerlar, qishloq xoʻjaligi sohasidagi yosh tadbirkorlar va Toshkent davlat agrar universiteti talabalari ishtirokida, spikerlar sabab motivatsiyaga toʻla va yorqin tarzda oʻtdi. Spikerlar yoshlar bilan oʻz muvaffaqiyat tarixlari, shuningdek shaxsiy tajribada sinovdan oʻtgan tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdilar.

    Tashkilotchilar respublikadagi muvaffaqiyatli agrotadbirkorlar va fermerlar ishtirok etgan ushbu marafon yoshlar uchun yoʻl koʻrsatuvchi mayoq, oʻzaro aloqa yoʻlidagi qulay platforma, tajriba almashinuv maydonchasi sifatida xizmat qilib, biznes-rejalar tayyorlashga yordam beradi va umuman olganda, qishloq xoʻjaligi sohasida oʻz biznesini sifatli darajada boshlab olishga imkon beradi, deya ishonch bildirdilar. Kelajakda ushbu yangi bilimlar oʻz faoliyatini endigina boshlayotgan fermerlar uchun jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini ochadi.

    Marafon kelgusida respublikaning boshqa hududlari boʻylab davom etadi. Yoshlarga ijtimoiy yoʻnaltirilgan davlat koʻmagi doirasida qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshiradigan ishlarini rivojlantirish uchun yer olgan yoshlar asosiy maqsadli auditoriya boʻladi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.