Memorandumda Oʻzbekiston Respublikasi bozoriga kirish boʻyicha OneWeb kompaniyasining geostatsionar boʻlmagan sunʼiy yoʻldoshli aloqa tizimi xizmatlari bilan bogʻliq bir qator tadbirlar, shu jumladan, tartibga solish masalalarini muhokama qilish va OneWeb sunʼiy yoʻldoshlaridan foydalanish uchun davlatning asosiy ehtiyojlarini aniqlash koʻzda tutilgan.

Memorandum doirasida “Oʻzbekkosmos” agentligi va OneWeb kompaniyasi innovatsion past orbital sunʼiy yoʻldosh telekommunikatsiya tizimidan foydalanish masalalari boʻyicha ekspertiza markazini tashkil etishga kelishib oldilar.

Tomonlar chekka hududlar va borish qiyin boʻlgan qishloq aholi punktlarini, shuningdek, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi korxonalarni OneWeb aloqa sunʼiy yoʻldoshlari orqali yuqori tezlikdagi keng polosali Internet bilan taʼminlashni amalga oshirish uchun zarur choralarni koʻrishga kelishib oldilar.

“Oʻzbekkosmos” agentligi Bosh direktori Shuxrat Kadirov – “OneWeb kompaniyasi bilan memorandum imzolanishi kosmik aloqa sohasini rivojlantirish sohasida muhim voqea hisoblanishi, Oʻzbekiston Respublikasida OneWeb telekommunikatsiya xizmatlarining mavjudligi esa davlat axborot texnologiyalarini rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan vazifalarni samarali amalga oshirish va respublikaning chekka hududlarini ham innovatsion aloqa xizmatlari bilan taʼminlash imkonini beradi” deb taʼkidladi.