Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoasining jismoniy tarbiya va sport, ilmu maʼrifat hamda taʼlim-tarbiya sohasidagi yutuqlarni yoritish, universitetda koʻp yillar faoliyat koʻrsatgan, ibratli hayot yoʻlini bosib oʻtgan fidoyi ustozlar, sportchilar toʻgʻrisida jamoatchilikni keng tanishtirish maqsadida “Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 65 yoshda” nomli megatanlov 2020-yilning 1-iyunidan boshlab eʼlon qilingan edi.

Tanlov milliy va hududiy bosma ommaviy axborot vositalari, internet nashrlari, axborot agentliklari, teleradio jurnalistlari oʻrtasida “Eng yaxshi jurnalistik material” hamda oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, talabalari oʻrtasida “Eng yaxshi maqola” nominatsiyalari boʻyicha oʻtkazildi.

– Megatanlov professor-oʻqituvchilar, talabalarning ommaviy axborot vositalarida, internet saytlarida va universitet saytida oliygohning tarixi, buguni aks etgan maqolalar bilan faol ishtirok etishini taʼminlash maqsadida tashkil etildi. Mana shu kabi tanlovlar universitetimizning tarixi va sport sohasida erishayotgan yutuqlarini talaba-yoshlarga yetkazibgina qolmasdan, ularning oʻzi taʼlim olayotgan oliygohdan faxrlanib yurishi uchun zamin yaratishi shubhasiz, – deydi universitet prorektori I.Ahmedov.

Tadbirda “Eng yaxshi jurnalistik material” nominatsiyasi boʻyicha Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Sport” teleradiokanali» davlat unitar korxonasi “Bolalar sporti, ommaviy sport va xalq oʻyinlari” bosh muharririyati bosh muharriri oʻrinbosari Akbarali Allayev 1-darajali, Olamsport.com sayti muxbiri Ilhom Rahmonov 2-darajali, “Sport”, “Sport+”, «Oʻzbekiston futboli” gazetalari bosh muharriri Mirzahakim Toʻxtamirzayev va Olamsport.com sayti muxbiri Aziz Toʻxtamurodov 3-darajali diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari hamda talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasi boʻyicha faol ishtirok etgan Chirchiq davlat pedagogika instituti katta oʻqituvchisi Lutfullo Axatov va Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Dildora Qurbonovaga universitet tashakkurnomasi taqdim etildi.