Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik masalalari, xususan, 2019-yildan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturining ijrosi muhokama qilindi.
Dasturning barcha 25 ta yo‘nalishi, jumladan, «Bir million o‘zbek dasturchisi», «Hukumat akseleratori», «Xavfsiz shahar» kabi loyihalar, shuningdek, milliy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, sug‘urta sohasini takomillashtirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, innovatsiyalar, sanoat salohiyatini rivojlantirish kabi dastur doirasidagi hamkorlikning boshqa sohalarida erishilgan yutuqlar atroflicha muhokama qilindi.
Ta'kidlash joizki, o‘tgan 2 yil mobaynida dasturga muvofiq, alohida mavzularda 124 ta seminar o‘tkazildi, dasturning 25 ta yo‘nalishlari bo‘yicha 100 ga yaqin tadbir amalga oshirildi, 5 000 dan ortiq mutaxassis O‘zbekiston va BAAda tashkil qilingan maxsus treninglarda ishtirok etdi.
Tomonlar BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vazirligi va joriy yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi o‘rtasida amaliy hamkorlikning boshlanishini mamnuniyat bilan kutib oldilar.
Ikki mamlakat delegatsiyalari qatnashgan yoshlar vakillari uchun «Yosh liderlar dasturi»ga start berish marosimi ham shundan dalolat beradi.
Loyiha konsepsiyasida O‘zbekiston Respublikasining turli vazirlik va idoralaridan kelgan yosh mutaxassislar uchun BAA davlat muassasalarida o‘quv kurslari va stajirovkalarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Dastur BAAning eng yaxshi amaliyotiga muvofiq, O‘zbekistonning davlat idoralari uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish va yosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Bevosita va onlayn tarzda o‘tkaziladigan trening davomiyligi 2,5 oyni tashkil etadi. Trening investitsiyalar va moliyani boshqarish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, eksportni rag‘batlantirish va boshqa sohalarda o‘tkaziladi.
Dastlabki bosqichda, 22 mamlakatning turli idoralar vakillari ishtirok etdi. Ular dastlab tegishli malakaviy mezonlar va shaxsiy fazilatlari asosida tanlab olindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar dasturni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqligini bildirdilar va ikki mamlakatning o‘zaro manfaatli hamkorligini chuqurlashtirish yo‘lida birgalikda harakat qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.