Mazkur sport anjumanida dunyoning 102 ta davlatidan 3 ming nafardan ortiq sportchi gʻoliblik uchun bahslarga kirishgan.
Sportni rivojlantirish vazirligi xabariga koʻra, IV Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlarida Oʻzbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan ham qatnashdi va nutq soʻzladi. Faxriy mehmon barcha ishtirokchilarni Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlarining boshlanishi bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularga omad tiladi.
IV Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi uloq koʻpkari, kurash, belbogʻli kurash, korsh (Tatariston kurashi), alish (qirgʻiz kurashi), qozoq kurashi, kamondan otish, mas-restling, bel olish va uch kurash kabi sport turlaridan qariyb 80 nafar sportchi bilan ishtirok etishadi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur oʻyinlar 4 oktabrga qadar davom etadi.