Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari AQSH Davlat departamentida boʻlib oʻtadigan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundida ishtirok etadi. Mazkur tadbir doirasida ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro aloqalar, strategik sheriklikning hozirgi holati va istiqbollari toʻgʻrisida fikr almashish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrif dasturidan AQSH Milliy xavfsizlik kengashi, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi, Savdo vazirligi va Savdo vakili idorasi, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi, Eksimbank hamda mamlakat kompaniyalari va ekspert doiralari vakillari bilan uchrashuvlar oʻrin olgan.
Delegatsiyasi aʼzolari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidovning AQSH senatorlari va kongressmenlari bilan uchrashuvlari ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari AQSHning yetakchi tahlil markazlari — Tinchlik instituti (USIP) va Atlantika kengashida boʻlib oʻtadigan brifinglar va “davra suhbatlari”da ishtirok etishi nazarda tutilgan. Ushbu tadbirlar doirada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzgarishlarning natijalari, tashqi siyosat va iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlari, mamlakatimizning Afgʻonistonda tinchlik jarayoni va ushbu davlatning iqtisodiy tiklanishini qoʻllab-quvvatlashdagi roli haqida soʻz yuritilishi kutiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.