Jahonda raqamlashtirish jarayoni kechmoqda. Bu termin iqtisodiyotga ham kirib kelgan. Barcha sohalar zamonaviy raqamlashtirishga o'tib boryapti. Ba'zi tarmoqlar allaqachon axborot texnologiyalarining kuchli ta'siriga uchragan bo'lsa, boshqalari bu yo'lning boshida turibdi. O'zbekistondagi raqamli iqtisodiyot rivoji esa oxirgi yillarda sezilarli tarzda jadallashdi. Ayniqsa, uning asosiy qismi hisoblangan elektron tijorat faol rivojlanish yo'lida harakatlanyapti.
Hozir onlayn tijorat har qanday tarmoq vakillari uchun mijoz topishning eng qulay va oson usuli hisoblanadi. Internet do'kon, onlayn savdo kabi tushunchalar turmushimizda anchayin ommalashib ulgurdi. Bir paytlar “o'ta zamonaviylik” belgisi bo'lgan bu kabi savdolar bugun aholi uchun qulay xaridlar, tadbirkorlar uchun esa biznesini rivojlantiruvchi manbalardan biriga aylandi.
Mamlakat iqtisodiyotida elektron tijoratni rivojlantirishning ahamiyati yanada muhim. Yangi O'zbekistonning 2022—2026-yillarga mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni iqtisodiy rivojlanishning asosiy “drayveri”ga aylantirish va uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirish rejalashtirilgan bo'lib, bunda elektron tijorat asosiy o'rinlardan birini egallaydi.
Hozir dunyoda elektron tijorat intensiv o'sish bosqichida va u bir necha yil davom etadi. Bu tendentsiya bizni ham chetlab o'tmaydi. Shu bois, mazkur yo'nalish oxirgi yillarda yurtimizda jadal rivojlanayotganiga guvohmiz. Birgina misol, axborot iqtisodiyoti va elektron tijorat sohalarida yaratilgan yalpi qo'shilgan qiymat hajmi 2015—2020-yillar oralig'ida qariyb 3 barobarga ko'paygan va bu ko'rsatkichning YAIMdagi ulushi 2 foizni tashkil etdi.
Albatta, mazkur yo'nalishning huquqiy asoslari ham yaratilgan. O'tgan yili 20-avgust kuni davlatimiz rahbari yurtimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti chog'ida elektron tijorat platformalarini yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish zarurligini ta'kidladi. 2021-yilning 17-noyabrida esa Prezidentning “elektron tijorat ma'murchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish to'g'risida”gi qarori kuchga kirdi.
Mazkur qarorda elektron tijoratni amalga oshirish tartibini erkinlashtirish va aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va natijada aholini ish bilan ta'minlash maqsadida o'zini o'zi band qiluvchi shaxslarga elektron tijoratni amalga oshirish huquqining berilishi eng katta yangiliklardan biri bo'ldi. Shuningdek, huquqiy hujjatda elektron tijorat bilan shug'ullanadigan barcha subyektlarning aylanmadan olinadigan soliq va foyda solig'i stavkalari elektron tijoratdan olingan daromad miqdoridan qat'i nazar, pasaytirilgan soliq stavkalari qo'llaniladi.
Internet bo'lsa — bo'lgani!
Internet tarmoqlari tobora rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda elektron tijorat tadbirkor uchun ham, xaridor uchun ham qulay savdo maydoni hisoblanadi. Yurtimiz tahlilchilarining oxirgi ma'lumotlariga ko'ra, 35 milliondan ortiq aholiga ega O'zbekiston Respublikasida internet foydalanuvchilari soni 27,2 milliondan oshgan. Bunda mobil internet foydalanuvchilari soni 25,3 million kishini tashkil etmoqda. Hozirgi vaqtda 95 foiz aholi maskanlari mobil internet bilan qamrab olingan bo'lsa, 54 foiz uy xo'jaliklarida yuqori tezlikdagi internetga ulanish imkoni yaratilgan. Bu o'z-o'zidan onlayn savdolar ko'lami kengayishiga yo'l ochmoqda.
Elektron tijorat atamasi u qadar qadimiy so'z emas, shunga qaramay, keng ma'nodagi tushunchani anglatadi va ko'plab ta'riflarga ega. O'zbekiston Respublikasining “elektron tijorat to'g'risida”gi qonunida axborot tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan tovarlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko'rsatishga doir tadbirkorlik faoliyati elektron tijoratdir, deyiladi. Sodda qilib izohlaganda, internet orqali amalga oshiriladigan har qanday savdo yoki tranzaktsiyaga elektron tijorat, deyiladi. Bu yo'nalish ham iqtisodiyotning bir sohasi bo'lgani holda, to'lovlarni amalga oshirish, mijozlar va etkazib beruvchilarni qidirish, reklama tarqatish, internet ilovalari orqali tovarlarni sotib olish va sotish kabi ko'plab biznes operatsiyalarni bajarishga imkon beradi.
Elektron tijorat avvalo, vaqt, transport va mehnat xarajatlarini tejash, istalgan joyda tez va samarali onlayn savdo-sotiq amaliyotini olib borish imkoniyatidir. Boshqa tomondan, elektron tijoratda savdoni tashkil qilish korxonalarning raqobatini kuchaytiradi, monopoliyadan chiqaradi va mahsulotlarning sifatini oshirish imkoniyatini yaratadi.
Yangi O'zbekistonning hozirgi rivojlanayotgan taraqqiyotida elektron tijoratni tadbirkorlik faoliyatining eng istiqbolli yo'nalishlaridan biri sifatida ko'rish mumkin. Soha mutaxassislarining fikricha, respublikada elektron tijoratni rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar va resurslar mavjud. Jumladan, aholining komp`yuter savodxonligi darajasining o'sishi, past trafik narxlar bilan yuqori sifatli internetning mamlakat bo'ylab tarqalayotgani va boshqalar.
Aslida ham, elektron tijoratni rivojlantirishning asosiy omillaridan biri global internetdan foydalanish hisoblanadi. Texnik nuqtai nazardan, O'zbekiston Respublikasi interneti mamlakatda elektron tijoratni rivojlantirishga tayyor. Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar sonining tezlik bilan o'sishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi kuzatilmoqda. Bu internet orqali tijorat aloqalari doirasi sezilarli darajada kengayishiga olib kelyapti.
Tadbirkorning asosiy “quroli”
Elektron tijoratga biror-bir kompaniyaning raqamli texnologiyalar va ular beradigan imtiyozlarga asoslangan, foyda keltiradigan faoliyati sifatida ham qaraladi. Yangi tijorat muhitiga jalb qilingan xaridorlar ma'lum imkoniyatlar va imtiyozlarga ega bo'ladilar. Tashkilotlar oldida turgan vazifalar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda ancha tez va eng kam xarajat bilan hal etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 17-noyabrdagi “elektron tijorat ma'murchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, elektron tijorat faoliyati bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari belgilab berilgan. Shu asosda mamlakatimizda elektron tijorat sohasida internet orqali taqdim etiladigan xizmatlar ko'rsatadigan korxona va tashkilotlar soni ortib boryapti.
Masalan, 2019-yilda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Andijon, Buxoro va Surhondaryo viloyatlarida elektron tijorat faoliyati bilan shug'ullanuvchi korxonalar mavjud bo'lmagan. 2020-yildan ushbu hududlarda shunday korxonalar paydo bo'la boshladi. Toshkent shahrida esa o'tgan yili elektron tijorat faoliyati bilan shug'ullanuvchi korxonalar soni 301 taga etib, 2019-yilga nisbatan 2,3 barobarga oshgani sezilarli o'sish ko'rsatkichidir.
Elektron tijoratni rivojlantirish imkoniyatlarini baholash uchun nafaqat internet tarmog'iga ulanish va tashkilotlarning zamonaviy komp'yuterlar bilan texnik jihozlanishi, balki veb-sayt va elektron pochta manzilining mavjudligi ham katta ahamiyatga ega. Tashkilotning shaxsiy veb-sayti elektron iqtisodiy munosabatlar ishtirokchilari o'rtasidagi o'zaro aloqa imkoniyatlarini sezilarli kengaytiradi. Unda tashkilot to'g'risidagi barcha ma'lumotlar joylashtirib borilishi barobarida, tezkor buyurtmalar ham qabul qilish mumkin.
Tahlillarga ko'ra, hozir yurtimiz miqyosidagi onlayn xaridlarning aksariyati mahalliy do'konlarda amalga oshiriladi. O'zbekiston Respublikasidagi onlayn-xaridorlar uchun asosiy mamlakat esa Xitoy Xalq Respublikasi hisoblanadi. Demak, aholi va tashkilotlarning elektron tijorat muhitiga jalb etilishi, xorij bozoriga chiqish va chet ellik hamkorlar bilan ishlash ko'rsatkichlari hozircha yetarli darajada emas.
Vaholanki, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti (YAIM)da axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda elektron tijorat daromadlari ulushini oshirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Bunda onlayn do'konlar soni ortib borayotgani va xaridorlar ham bunga moslashayotgani quvonarli albatta. Ammo tizimni qiyosiy jihatdan yanada kengroq o'rganish talab etiladi. Shu orqali qator takliflar ham o'rtaga tashlanadi.
Masalan, tadbirkorlik subyektlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning elektron shakllarida axborot xavfsizligini ta'minlovchi aloqa va telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish lozim. Shuningdek, elektron tijorat sohasidagi amaldagi me'yoriy-huquqiy bazani qayta ko'rib chiqish va muvofiqlashtirish, biznes uchun elektron tijoratni qo'llab-quvvatlovchi onlayn ilovalarni ishlab chiqish, mamlakat fuqarolari o'rtasida elektron tijorat bo'yicha savodxonlikni oshirishga qaratilgan targ'ibot tadbirlarini doimiy o'tkazish, elektron pul bozorini rivojlantirish va elektron hamyonlarni ommalashtirishga ko'maklashish elektron tijoratni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umuman, bir narsa ayonki, elektron tijoratning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi yaqin kelajakda doimiy ravishda oshib boradi. U nafaqat iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar faoliyati, balki aholi turmush darajasiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Zuhriddin SHODMONOV,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” direktori o'rinbosari