Muzokaralar Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida “ACWA Power” kompaniyasi ishtirokida quvvati 1500 MVt boʻlgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishining rasmiy ochilish marosimi arafasida boʻlib oʻtdi. Uchrashuv avvalida Xaled Al-Falex Saudiya Arabistoni delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi pandemiya oqibatida yuzaga kelgan uzoq davom etgan karantindan keyingi xorijga ilk safari ekanini qayd etdi.
Investitsiyalar vaziri 2017-yildagi Toshkent shahriga soʻngi tashrifidan beri Oʻzbekiston iqtisodiyoti transformatsiyasi 100-yilga ilgarilab ketganini taʼkidladi. Energetika sektorida ham misli koʻrilmagan oʻzgarishlar roʻy berdi, elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi ham ortmoqda, quyosh va shamol energetikasi sohasi ham rivojlanmoqda.
Arabiston tomoni zamonaviy bosqichda Oʻzbekistonda biznes yuritishdagi ochiqlik va professionallikni alohida qayd etdi, bunga mamlakat Prezidentining liderlik fazilatlari tufayli erishilgani va bu yirik investorlar hamda energetika kompaniyalariga Oʻzbekistonning istiqbolli energetika bozoriga kirib kelish imkonini berganini taʼkidladi.
Xaled Al-Falex shuningdek, “ACWA Power” tomonidan amalga oshirilayotgan Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi Saudiya Arabistoni kompaniyalari tomonidan mamlakat iqtisodiyotining boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli investitsiyalar uchun faqat boshlanishi ekanligiga ishonch bildirdi.
Shuningdek delegatsiya rahbari tomonidan Oʻzbekiston Prezidentining ilmiy markaz tashkil etish orqali vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha strategik qarori ham alohida qayd etildi. Saudiya tomoni Oʻzbekistonda “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish boʻyicha boshlanayotgan loyihasi doirasida vodorod energetikasi sohasida hamkorlik qilishdan umidi katta ekanini taʼkidladi.
Saudiya Arabistoni bosqichma-bosqich anʼanaviy energiya manbalaridan ekologik toza energiya manbalariga oʻtish boʻyicha strategiyani amalga oshirmoqda. Xaled Al-Falex taʼkidlashicha, Oʻzbekiston mintaqada eng yirik energetika qiroli boʻlish uchun zarur salohiyatga ega va bu borada Saudiya Arabistoni strategik hamkor boʻlish, katta hajmdagi investitsiyalar va vodorod energetikasi singari ilgʻor texnologiyalar jalb qilish, shuningdek malakali kadrlarni oʻqitish dasturini joriy etishga tayyor ekanini qayd etdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.