Mazkur maqsadga erishish uchun esa Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan keng koʻlamli loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilib, sohani bozor munosabatlariga oʻtkazish uchun isloh etish jarayonlari muvofiqlashtirilyapti.
Energetika sohasini isloh etish
Bugungi kunda energetika sohasi istalgan mamlakat taraqqiyotining tag zaminidir. Iqtisodiyotni rivojlantirish, aholining qulay hayot kechirishi, taʼlim, tibbiy xizmat, ijtimoiy taʼminot, kommunal xoʻjalikning moʻtadil faoliyati uchun imkoniyatlar aynan shu sohada yaratiladi. Ammo bugun sohani bozor iqtisodiyoti yoʻliga oʻtkazmay turib, ulkan energetika infratuzilmasini ishchan holatda saqlab turish, boz ustiga, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlarini oshirish mushkul. Faqatgina elektr stansiyalar, elektr tarmoqlari va energetika infratuzilmasining oʻzga muqobillarini qurish va ishlatish borasida eng zamonaviy yutuqlarni qoʻllabgina qoʻyilgan maqsadlarga erishish mumkin. Bozor qonunlari asosida energetikani rivojlantirish raqobat uchun shart-sharoit yaratadi, bu esa nafaqat vositalar, balki zamonaviy tajriba va texnologiyalar sohibi boʻlmish eng malakali muhandislarni loyihalarni amalga oshirishga jalb etishga imkon beradi. Shu asnoda yana oʻn yillarcha dolzarb ahamiyat kasb etuvchi uskuna va uslubiyatlarni Oʻzbekiston energetikasiga olib kirish mumkin.
Energetika vazirligi 2 yildan oshiqroq vaqt muqaddam tashkil etilgan edi. Oʻsha vaqtda OAVda ham, turli uchrashuvlaru majlislarda ham shu toʻgʻrida soʻz borar edi. Yangilanishlarning bosh sababi – ilgarigi tuzilmalarning moslashmaganligi va besamarligidir. Ulardan baʼzi birlari yonilgʻi-energetika majmuasini rivojlantirishga muvofiqlashgan yondashuv; innovatsion boshqaruv tamoyillarini joriy etish; mamlakatimizda sogʻlom raqobat muhitini va qulay investitsiya iqlimini yaratish singari zamonaviy vazifalarga javob bermasdi. Hozir Energetika vazirligi Oʻzbekistonning butun yonilgʻi-energetika majmuasi rivojlanishini muvofiqlashtirmoqda. Vazirlik oʻz tarkibidagi tashkilotlar bilan birgalikda elektr va issiqlik energiyasini, koʻmir ishlab chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va isteʼmol qilish, shuningdek, neft, gazni qazib olish, qayta ishlash va ulardan olingan mahsulotlarni tashish, taqsimlash, sotish va ishlatish jarayonlarini davlat tomonidan boshqarishni amalga oshirmoqda.
Yonilgʻi-energetika majmuasidagi ushbu oʻzgarishlar butun asosiy tuzilmani tubdan isloh etishni talab qildi. Xususan, energetika sohasida 2019-yil boshida “Oʻzbekenergo” AJ tubdan qayta tashkil qilinib, uning negizida uchta: “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari yaratildi. Bunday qayta tashkil qilishdan maqsad – elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishning zamonaviy usullariga oʻtishdir.
Shu tariqa neft-gaz sohasini isloh etish jarayoni boshlanib, buning natijasida bir shakldan boshqa shaklga oʻtkazish bosqichi yakunlandi – “Oʻzbekneftgaz” AJ yangi tashkiliy tuzilmasi yaratildi, jamiyat boshqaruv tizimida ortiqcha oraliq boʻgʻinlar qisqartirildi. “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibidan “Oʻztransgaz” AJ chiqarilib, u gaz qazib oluvchi tashkilotlardan kelgusida tashish, shu jumladan, eksport va importni amalga oshirish hamda magistral gaz quvurlariga ulangan isteʼmolchilarga sotish uchun tabiiy gazni xarid qilish boʻyicha yagona operator etib tayinlandi.
“Oʻztransgaz” AJ gaz taʼminoti hududiy boʻlimlari negizida gaz taqsimlash tarmoqlarini ishlatish, aholiga va ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi “Hududgaztaʼminot” AJ tashkil etildi.
Bundan tashqari ilgari respublika Vazirlar Mahkamasi tizimidan oʻrin olgan baʼzi davlat boshqaruvi organlari Energetika vazirligi tarkibiga oʻtkazildi: “Oʻzatom” atom energetikasini rivojlantirish agentligi; Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (muqaddam – Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi) hamda Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (muqaddam – Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi) shular jumlasidandir.
Energetika vazirligi tashkil qilingan kundan buyon oʻtgan davrda qator tub oʻzgarishlar kuzatildi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) asosida energiya ishlab chiqarishni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berildi. 2019-yil may oyida Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingani, shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning 2019–2023-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi” ishlab chiqilgani buning tasdigʻidir.
2020-yil aprel oyi oxirida hukumatimiz tomonidan “2020–2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan taʼminlash konsepsiyasi” tasdiqlandi. Ushbu hujjat Energetika vazirligi va aloqador vazirliklar, idoralar hamda xalqaro maslahatchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Buning zamiridagi bosh maqsad mamlakatni energiya bilan taʼminlash, yaʼni shunday sharoitlarni yaratishdan iboratki, bunda aholi ham, butun iqtisodiyot ham elektr va yonilgʻi bilan uzluksiz taʼminlanadi. Bu esa energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiyalash, isteʼmol hisobi va nazoratini takomillashtirish deganidir. Bu murakkab, lekin amalga oshirsa boʻladigan vazifalar sirasiga kiradi.
Davlat-xususiy sheriklik
Energetika sohasida bozor munosabatlariga oʻtish yoʻlida muvaffaqiyatli odimlardan biri – Oʻzbekiston uchun tamomila yangi model – davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida energiya, shu jumladan, QTEM ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishdir. Bugun ushbu model jamiki qurilayotgan va rejalashtirilgan elektr stansiyalar uchun asosga aylandi. Shunday qilib, yangi elektr stansiyalarni, shu jumladan, issiqlik (IES), quyosh fotoelektr (QFES), shamol (SHES) elektr stansiyalarini ishga tushirish koʻp jihatdan mamlakat energetika sohasida roʻy berayotgan bozor oʻzgarishlariga misol boʻla oladi.
DXSH asosidagi loyihalar tender, yaʼni raqobatdosh bozor asosida oʻtkaziladi. Bu jihatdan Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki eng yaxshi xalqaro tajribani oʻzlashtirish va tenderlar oʻtkazish uchun texnik yordam koʻrsatmoqda.
Taʼkidlab oʻtish joizki, tender gʻolibi yangi elektr stansiyani loyihalash, qurish va ishlatish uchun masʼuldir. U bilan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish yuzasidan 20-25 yilga moʻljallangan uzoq muddatli bitim tuziladi. Elektr energiya uchun foydali narx taklifi (tarif) tenderda gʻolib boʻlish uchun asosiy mezon qilib olinadi. Ammo oʻz taklifini berishdan oldin tender qatnashchilari malakali saralash bosqichidan oʻtishlari lozim. Bunda ular yuksak tajribasini, mablagʻlari mavjudligini, bunday loyihalarni amalga oshirish va taʼminlashga qodirligini isbotlashi lozim. Shunday qilib, Oʻzbekiston energetikasida soʻnggi 3 yil davomida jadal joriy qilinayotgan bozor tamoyillari bu sohada sogʻlom raqobat yaratishga imkon beradi, elektr energiya mustaqil ishlab chiqaruvchilarining manfaatdorligi esa buning isbotidir.
Joriy vaziyat
Bugunga kelib elektr energiya xaridi boʻyicha jami 17 bitim imzolangan, bu esa energetika sohasi uchun raqobat muhitini yaratish borasida muhim bosqichdir. Energiyani mustaqil ishlab chiqaruvchilar qatorida Total Eren SA (Fransiya), Abu Dhabi Future Energy Company – Masdar (BAA), Aksa Enerji Üretim A.Ş.(Turkiya), ACWA Power (Saudiya Arabistoni) kabi kompaniyalar mavjud.
Oʻzbekistonda qulay investitsiya iqlimi yaratilgani sharofati ila hukumat kafolati ostida kreditlar jalb etishga zarurat qolmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida elektr energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Energetika vazirligi huzurida Loyiha ofisi tashkil qilingan boʻlib, u xalqaro moliya tashkilotlari bilan ham ish yuritadi. Turli mamlakatlarning energetika sohalarini isloh qilish asnosida katta tajriba toʻplagan xalqaro ekspertlar jalb etilgan.
Ekspertlar tomonidan elektr energiyasining ulgurji raqobatdosh bozoriga izchil oʻtish nazarda tutilgan konsepsiya ishlab chiqilgan. Bunda uch bosqich 2021–2025-yillar davrida bosib oʻtiladi. Birinchi bosqichda elektr energiya korxonalarini erkinlashtirish va ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotishni ixtiyor etgan xususiy (mustaqil) ishlab chiqaruvchilar tomonidan litsenziyalar olish koʻzda tutilgan. Ikkinchi bosqich davomida elektr energiyasini taqsimlash tizimining yagona operatori yaratiladi, elektr energiyani isteʼmolchilarga sotishga oid vazifalar esa asta-sekin yetkazib beruvchilarga oʻtkaziladi. Isteʼmolchilar elektr energiyani savdo onlayn-platformasi yoxud istalgan yetkazib beruvchi orqali xarid qilish imkoniyatini qoʻlga kiritadi. Uchinchi bosqich – “Kun ichi (soatbay) savdolar”. Unga binoan, rejali asosda savdo maydonchasida soatbay ishlab chiqarilgan va isteʼmol qilingan elektr energiyaning ortiqcha yoki tanqis hajmlarining onlayn oldi-sotdisi amalga oshiriladi.
Soha meʼyoriy-huquqiy negizini takomillashtirishga doir ishlar davom ettiriladi. Xususan, quyidagi loyihalar: Oʻzbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi qonuni (bu borada Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda ishlar olib borildi), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Magistral elektr tarmoqlari kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ekspertizasi boʻyicha ishlar faol kechmoqda.
Energiya samaradorligi
Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda energiya samaradorligini oshirish masalasi bugun hukumatning diqqat markazida. Ekspertlar bergan maʼlumotlarga koʻra milliy iqtisodiyot energiya sigʻimdorligi rivojlangan mamlakatlar koʻrsatkichlaridan 2-2,5 baravar yuqori.
Agar jahonda energiya isteʼmolining qariyb 23 foizi uy-joy sohasiga toʻgʻri kelsa, Oʻzbekistonda bu raqam 40 foizni tashkil qilmoqda. Xususan, Yevropada 1 kvadrat metr uchun energiya sarfi yiliga 120-150 kilovatt-soatni tashkil qilsa, Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 390 kilovatt-soatdan oshmoqda.
Energiya samaradorligini oshirishga doir ishlarni olib borish jarayonida 2020-yilda iqtisodiyot tarmoqlarida tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish evaziga 1352,4 mln. kub metr tabiiy gaz, 917,5 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejashga erishildi.
Energiya ishlab chiqarish
Energetika sohasida qanday islohotlar roʻy bermasin, natija, yaʼni Oʻzbekiston aholisi va iqtisodiyotini energiya zaxiralari bilan barqaror taʼminlash muhim. Salkam 10 yildan keyin elektr energiyaga ehtiyojning ikki karra oʻsishi haqida darak beruvchi tahliliy bashoratlarni inobatga olsak, Energetika vazirligi va yoqilgʻi-energetika majmuasining asosiy vazifalaridan biri – yangi elektr stansiyalar, shu jumladan, IES qurish, QTEM ni rivojlantirish, QTEM asosida boshqa yangi loyihalarni izlash va amalga oshirish, GES, shu hisobda kichik GES imkoniyatlarini yanada kengaytirishdan iborat.
Energiya ishlab chiqarishni oshirish borasida bugun qanday natijalarga erishdik?
2021-yil oxiriga borib, energiya ishlab chiqarish quvvatlarini 14 mingdan 15,8 ming MVt ga oshirish yoxud qoʻshimcha 1,8 ming megavatt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada 2016-yilga nisbatan ishlab chiqarish quvvatlari 50 foiz ortadi. DXSH asosida Toshkent viloyatida uchta (umumiy quvvati 710 MVt), Buxoro va Xorazm viloyatlarida ikkita (umumiy quvvati 444 MVt) IESlar hamda Navoiy va Samarqand viloyatlarida ikkita (umumiy quvvati 200 MVt) FESlar ishga tushiriladi.
Yangi zamonaviy IESlarni ishga tushirish orqali yiliga qariyb 1,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejalib, aholi ehtiyojlari uchun elektr energiyani qoʻshimcha ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
2025-yilga borib energiya tizimi quvvatini 25,6 GVt ga yetkazish kutilmoqda, ular orasida: issiqlik elektr stansiyalari 18,8 GVt, gidroelektr stansiyalar – 2,5 GVt ni taʼminlab, quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvati esa 4,3 GVt ga yetadi. Jismonan eskirgan qurilmalar bora-bora foydalanishdan chiqariladi.
2030-yilga borib umumiy ishlab chiqarish quvvati 29 200 MVt ni tashkil etadi, bu esa bugungi koʻrsatkichlarga qaraganda 2 barobar koʻproqdir. Natijada 2030-yilda elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 120,1 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi (2020-yilda ushbu koʻrsatkich 66,4 milliard kilovatt-soat edi).
Modernizatsiya
Bugun qanchalik koʻp elektr stansiyalar qurilmasin, amaldagi IES va GESlarni toʻliq modernizatsiyalash – energiya samaradorligi sohasidagi eng soʻnggi yutuqlar asosida uskuna va texnologiyalarni joriy qilish muhim vazifa boʻlib qolaveradi. Butun mamlakat boʻylab amaldagi IESlarda yetakchi xorijiy kompaniyalar ishlab chiqargan bugʻ-gaz qurilmalari oʻrnatilayotgani bunga yaqqol misol. Har bir shunday modernizatsiya zamirida yuzlab milliy va xorijiy mutaxassislar mehnati mujassam. Ularning kasbiy mahoratisiz aniq hisob-kitoblar keltirilgan va jamiki mavjud shart-sharoitlar nazarda tutilgan loyihalarni, xususan, maʼlum bir IESni ishlatish vaqtiyu quvvatidan tortib ham standart, ham oʻziga xos jihatlargacha inobatga olingan loyihalarni amalga oshirish amrimahol. Elektr stansiyadek murakkab texnik inshoot bilan boshqacha boʻlishi ham mumkin emas.
Bugunga kelib amaldagi IESlarni hamda elektr uzatish milliy tizimini modernizatsiyalash boʻyicha qanday ishlar bajarilgan?
Bu xususda raqamlar asl vaziyatdan yaqqol darak beradi. Agar 2000-yilda Oʻzbekiston energetika tizimining ishlab chiqarish quvvati 7 750 MVt ni, 2016-yilda esa – 10 830 MVt ni tashkil etgan boʻlsa, ushbu vaqt koʻrsatkichlari oraligʻida oʻtgan 16 yil ichida qariyb 3 ming MVt ishga tushirildi. Bugunga kelib energetika tizimida mavjud ishlab chiqarish quvvatlari 14 131 MVt ni tashkil qilmoqda. Yaʼni keyingi 3 ming megavattdan ziyod quvvatlar soʻnggi uch yil mobaynida ishga tushirilgan.
2017–2021-yillarda ishlab chiqarish quvvatlarining bunday keskin oʻsishiga asosan Navoiy, Tolimarjon, Toshkent issiqlik elektr stansiyalarida yangi bugʻ-gaz qurilmalarini (BGQ) ishga tushirish evaziga erishildi. Shuning barobarida 2019-yilda 900 MVt quvvatli yangi Toʻraqoʻrgʻon IES ishga tushirildi. Zamonaviy tejamkor uskuna va texnologiyalarni joriy etish hisobiga IESlarda shartli yonilgʻi sarfi 2016-yildagi 375,8 g/kilovatt-soatdan 2020-yilda 333,9 g/kilovatt-soatgacha yoki 11 foiz kamaydi (– 41,9 g/kilovatt-soat).
Bundan tashqari Sirdaryo IES modernizatsiya qilinmoqda, bu esa uning quvvatini 150 MVtga oshirishni taʼminlaydi. Farhod GES ham modernizatsiya jarayonida, bu ishlar natijasida uning quvvatiga yana 13 MVt qoʻshiladi.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlar natijasi oʻlaroq, 2025-yilga borib mamlakat energetika tizimining quvvatini 25 600 MVt ga, 2030-yilda esa 29 200 MVt ga yetkazish vazifasi amalga oshirilmoqda.
Energiya ishlab chiqarishni oshirish bilan bir qatorda elektr energetikaning yetkazib berish infratuzilmasini modernizatsiyalash va yangilash zarur. Ushbu ikki yoʻnalishni birlashtiribgina, mamlakat energiya xavfsizligini taʼminlash boʻyicha muhim vazifani uddalash mumkin. Soʻnggi yillarda elektr uzatish tarmoqlarini mustahkamlash borasida ham talaygina ishlar olib borilmoqda.
Past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari soʻnggi 4 yilda modernizatsiya qilinib, 25 ming kilometr uzunlikda oʻtkazilib yangidan tortildi. Taʼkidlash kerakki, 1991–2016-yillarda 9 300 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari modernizatsiyalangan va qurib bitkazilgan edi, bu esa qariyb 2,7 barobar kam. Soʻnggi yillarda 9 575 ta transformator punkti modernizatsiya qilindi va yangilandi, bu esa jami transformator punktlarining 60 foizini tashkil qiladi. Shu yilning oʻzidayoq oʻtgan yilga nisbatan 13 foiz yoxud 26 300 km koʻproq past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 16 foiz koʻproq yoxud 9 000 dan ziyod transformator podstansiyalari taʼmirlanadi.
2021–2030-yillarda 0,4–110 kV kuchlanishli tarmoqlarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish boʻyicha belgilangan ishlar jadal davom ettirilmoqda. Unga koʻra 130 ming km elektr uzatish tarmoqlari va 40 mingdan ortiq transformator punktlari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinadi hamda yangilanadi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari
Oʻzbekiston – serquyosh oʻlka, bu esa quyosh fotoelektr stansiyalari kabi QTEM asosida energiya ishlab chiqarish boʻyicha muhim yoʻnalishni rivojlantirishda muhim omildir.
Energetika vazirligi Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda elektr taʼminotining oʻn yillik rejasini ishlab chiqqan. 2030-yilga borib bu rejaning bajarilishi qoʻshimcha energetika quvvatlari yaratilishiga olib kelib, ular 5 GVt quyosh energiyasi, 1,9 GVt gidroenergiya va 3 GVt gacha shamol energiyasini oʻz ichiga oladi.
Davlatimiz tomonidan 2030-yilga borib, elektr energiyani ishlab chiqarishning umumiy hajmida QTEM ulushini 25 foizga oshirish maqsadi qoʻyildi. Bugun ushbu koʻrsatkich 10 foizni tashkil etmoqda.
Joriy yil kuzida mamlakatda birinchi sanoat xususiyatiga ega 100 MVt quvvatli FESni foydalanishga topshirildi. U Navoiy viloyatining Karmana tumanida “Masdar” kompaniyasi (BAA) tomonidan qurildi. Shu bilan birga yaqin oylarda Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatli FESni ishga tushirish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha investori – “Total Eren” kompaniyasi (Fransiya).
Aytib oʻtish kerakki, QTEM loyihalarini amalga oshirish borasida Scaling Sola dasturi muhim oʻrin egallaydi. Ushbu dastur doirasida 2020-yilda Samarqand va Jizzax viloyatlarida har biri kamida 200 MVt quvvatli ikkita FESni qurish uchun tender eʼlon qilingan edi. Tenderda qatnashish uchun 83 kompaniya buyurtmanoma topshirdi, bu esa investorlarning Oʻzbekistonda QTEM sohasida loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi ancha kuchayganidan dalolat beradi. Joriy yil boshida tenderning ikkinchi bosqichi oʻtkazilib, may oyida tender komissiyasi “Masdar” kompaniyasini gʻolib, deb topdi.
Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyasining kuchli jihatlaridan biri – elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha taklif kiritishidir. Yaʼni ushbu FESlarda 25 yil davomida rekord darajadagi past tariflar boʻyicha energiya yetkazib berish rejalashtirilgan. Xususan, Jizzax FES elektr energiyasi yagona energetika tarmogʻiga bir kilovatt-soat uchun 1,823 AQSH senti tarifi boʻyicha, Samarqand FES esa – 1,791 sent tarifi boʻyicha yetkazib beriladi.
Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Xususan, shamol elektr stansiyalarini joriy qilish borasida ham alohida ishlar olib borilmoqda. Ular ham yaqin kelajakda mamlakatning umumiy tarmogʻiga elektr energiya yetkazib berishni boshlaydi. “Masdar” kompaniyasi ishtirokida Navoiy viloyatining Tomdi tumanida umumiy quvvati 500 MVt li shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha loyiha amalga oshirilmoqda. SHES quvvatlarining birinchi navbatini 2024-yilda ishga tushirish moʻljallangan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida shamol elektr stansiyasi (SHES) qurilishi boʻyicha dastlabki tenderlar haqida alohida taʼkidlash joiz.
Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan yangi quvvati 100 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasi loyiha bitimlari imzolangan kundan boshlab 2 yil ichida ishga tushiriladi.
Olingan takliflarni baholash natijalariga koʻra, “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan SHES qurilishi boʻyicha tender gʻolibi deb topildi va u bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 2,5695 sentlik tarif taklif qildi.
Boshqa bir yirik kompaniya – “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) bilan Buxoro viloyatining Gʻijduvon va Peshku tumanlarida har birining quvvati 500 MVt dan boʻlgan 2 ta shamol elektr stansiyasini qurish loyihasiga oid bitimlar imzolangan. Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar 1,3 milliard dollardan iborat. Shamol elektr stansiyalarini 2023-yilda foydalanishga topshirish moʻljallangan.
Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energetika boʻyicha joriy qilinayotgan loyihalar mamlakat energetika sohasi oldida qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishga oʻz hissasini qoʻshadi. Shuningdek, bu issiqxona gazlarining yillik chiqaruvini CO2 ekvivalentida taxminan 500 ming tonnaga kamaytirishga yordam beradi.
Shunday qilib, raqamlar va dalillarga tayanib aytish mumkinki, soʻnggi bir necha yilda Oʻzbekiston energetikasini eng yaxshi xalqaro tajriba asosida rivojlantirish, energetika sohasi bozor munosabatlari sharoitida ishlashga oʻtishini taʼminlash borasida muhim ilgarilash roʻy berdi. Bularning bari oʻsib borayotgan isteʼmol talablariga javob berib, hozirgi va keyingi davrda mamlakat energiya xavfsizligini taʼminlash uchun imkon yaratishi shubhasiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi