O'zbekiston 2020-yil dekabr oyida kuzatuvchi davlat maqomini olgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi — 2014-yilda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi va Qozog'iston Respublikasi o'rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. Bu ittifoqqa 2015-yilda Armaniston  va Qirg'iziston a'zo bo'lib kirgan,  Moldova va Kuba kuzatuvchi maqomiga ega.  

YOIIning maqsadi — a'zo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o'zaro kooperatsiya rivojlantirishdan iborat.

Yevroosiyo iqtisodiy kengashi (YOII) mamlakatlari geografik joylashuvi va tarixiy aloqalar nuqtai nazardan O'zbekistonning o'zaro manfaatli savdo sheriklari hisoblanadi. Keyingi yillarda esa respublikamizda mazkur tashkilotga a'zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada faollashdi.

So'nggi yillarda O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati oshayotganligi, mamlakatimiz tashqi savdo-investitsion munosabatlarda faol ishtirokchiga aylanib, mintaqada muhim rol` o'ynab kelayotganligi o'zaro ikki va ko'p tomonlama hamkorlikning faollashishida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Shu jihatdan, O'zbekistonning barcha tegishli omillarni puxta tahlil qilgan va hisobga olgan holda, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o'zaro hamkorlik qilishi muhim ahamiyatga ega.

Xususan, “to'rtta erkinlik” bozori: insonlar, mablag', xizmatlar va tovarlarning erkin harakatlanishi deb e'lon qilingan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi katta geografik maydonni egallaganligini alohida qayd etish joiz bo'ladi. Soliqlar, bojlar va harajatlar  tartibga solingan va  kamaytirilgani bois, yagona hudud va iqtisodiy makondan foydalanish ishtirokchilarga ichki, sherikchilik (erkin zona  chegarasida) va xalqaro savdoni engillashtiradi. Masalan, meva-sabzavotlar, to'qimachilik-trikotaj mahsulotlariga bo'lgan  barqaror o'sish sur'atini hisobga olgan holda, ushbu tashkilot bilan hamkorlik qilish mahsulot eksportini ko'paytirishga xizmat qilishi mumkin.

Yana bir muhim jihat — mehnat migratsiyasi omili. Bugungi kunda YOIIga kirmaydigan mamlakatlarning vizasi bo'lmagan fuqarolari uchun qo'yilgan taqiqlarning mavjudligi o'zbekistonlik mehnat migrantlarining ahvolini qiyinlashtirmoqda. Jumladan, yurtimizdan borgan migrantlarga dorixonalar, statsionar bo'lmagan chakana savdo ob'ektlari, bozorlar, do'kon va bozorlarda mehnat qilish lozim ko'rilmaydi.

YOII bilan hamkorlik qilish fuqarolarimizga tashkilot doirasidagi umumiy  mehnat bozorining barcha afzaliklari va imtiyozlaridan foydalanish, mehnat shartnomasiga ega shaxslarga Rossiyada muddatsiz qolish imkonini beradi.

Shuningdek, YOII a'zosi bo'lmagan MDH mamlakatlarining “vizasiz” fuqarolari qonuniy ishga joylashishlari uchun patent olishlari kerak. Mehnat patenti uchun to'lov bekor qilinganda, migrantlar uchun jami to'g'ridan-to'g'ri foyda yiliga uch milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Qolaversa, bunday fuqarolar tashkilotga a'zo mamlaktga tashrif buyurganlaridan yarim yil o'tgach, soliq to'lovchilar toifasiga o'tkaziladi. Masalan, Rossiyada 30 foizli soliq o'rniga 13 foizli daromad solig'i  to'lay boshlaydi.

Ma'lumki, O'zbekistonda olingan deyarli barcha diplomlar butun YOII hududida tan olinadi. Bu ish beruvchi fuqarolarga nisbatan qo'yilgan cheklovlarning bekor qilinishi va tartib-taomillarning soddalashtirilishiga olib keldi.  Mazkur qulaylik tashkilotga a'zo mamlakatlar mehnat bozorida ularning raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.

Ushbu jihatlar Oliy va o'rta maxsus ta'limi diplomlarining so'zsiz tan olinishi, intellektual mulk va ilmiy-texnik integratsiyaning himoya qilinishi kabi masalalarga ham taalluqlidir. O'zbekiston fuqarolari uchun tashkilotning bank tizimidagi moliyaviy xizmatlar, jumladan, qarzlar, kreditlar va pensiya jamg'armalaridan foydalanishi engillashadi.

YOII mamlakatlaridan qayta eksport qilish orqali arzon toaprlar, xususan, mashinasozlik, qora metallurgiya, oziq-ovqat, go'sht-sut, yog' mahsulotlari va maishiy buyumlarning yurtimizga kirib kelishi kutilmoqda.

Bu bir tomondan tarmoqning raqobatbardoshligini kuchaytirish, boshqa taraflama YOIIda faoliyatning shartli sharoitlariga yanada muvaffaqiyatli moslashish uchun iqtisodiyotning muayyan sektorlari uchun o'tish davri zarurligini hisobga olish choralarini nazarda tutadigan taktikani ishlab chiqish muhimligini belgilaydi. Bunday sharoitda milliy iqtisodiyot, tashqi savdo va migratsiya oqimlarini to'g'ri diversifikatsiya qilish YOII bilan amaliy va oqilona siyosat yuritishga yordam beradi.

Bunday yondashuv 14-oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari yig'ilishidagi ishtiroki doirasida ham namoyon bo'ldi.

Mazkur tadbir O'zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini olganidan buyon ushbu integratsiyaviy birlashmaning davlatimiz rahbari ishtirokida o'tgan uchinchi sammiti bo'ldi.

Yig'ilish tahlillari shuni ko'rsatdiki, O'zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan ham aniq natijalarga erishishga qaratilgan faol va tashabbuskor tashqi siyosat yuritmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari o'z nutqida O'zbekistonning tabiiy savdo va iqtisodiy hamkorlari — YOII mamlakatlari bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilab berdi.

Misol uchun pandemiya sharoitida mamlakatimizning tashkilotga a'zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror ortib borayotgani ta'kidlandi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni yo'lga qo'yish borasidagi sa'y-harakatlarni faollashtirish muhim ekanini alohida qayd etildi.

Bu borada davlatimiz rahbari ilgari surgan o'zaro savdoda mavjud to'siqlarni bartaraf etish, texnik reglament va standartlarni uyg'unlashtirish, bojxona tartibotlarni raqamlashtirish bo'yicha qo'shma “yo'l xarita”sini ishlab chiqish taklifini qo'llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.

O'zbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish orqali mintaqalararo qo'shilgan qiymat zanjirlarini yaratishda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini alohida e'tirof etish lozim. Toshkent shahrida har yili “Innoprom — Markaziy Osiyo” sanoat forumining o'tkazilishi buning uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Milliy iqtisodiyotlarning barqaror rivojlanishida muhim omil sifatida transport yo'laklari tarmog'i va logistika infratuzilmasini takomillashtirish muhim ekani, shubhasiz, qiziqish uyg'otadi. Bu borada biz, tadbirkorlar fikrini ifoda etuvchi siyosiy kuch sifatida davlatimiz rahbari ilgari surgan O'zbekiston tomonidan Rossiya va Qozog'iston bilan birgalikda yo'lga qo'yilayotgan zarur tovarlarni tez fursatda o'zaro etkazib berish bo'yicha “Agroekspress” loyihasiga qo'shilish taklifini ma'qullaymiz.

Bir so'z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig'ilishidagi navbatdagi ishtiroki YOII bilan samarali hamkorlikni yo'lga qo'yish, tashkilotga a'zo mamlakatlar bilan o'zaro manfaatli hamkorlik va yaqin sheriklikni rivojlantirish yo'lidagi navbatdagi qadam bo'ldi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o'rinbosari