“Oʻzbekiston, ertangni ishon menga!”

    Keyingi avlod 28 Iyun 2023 1809

    Tanlagan sohasida katta yutuqlarga erishib, hatto, jahon maydoniga chiqib borayotgan xotin-qizlar haqida yozish doim zavqli.

    Oxirgi marta shu yilning aprel oyida xalqaro iqtisodchi Goʻzal Hakimova haqida maqola yozgandim. Uning muvaffaqiyati, tashlayotgan katta qadamlari, yutuqlari koʻpchilikda qiziqish uygʻotib, intiluvchanligidan ragʻbat olganlar ham boʻldi. Aslida, yurtimizda ana shunday bilimli, yuksak salohiyatli yigit-qizlar juda koʻp. Ayni vaqtda mamlakatimizda davom etayotgan Yoshlar oyligi hamda 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan yana bir iqtidor sohibasi haqida yozishga qaror qildim.

    Shahrizoda Qoʻziyeva Urganch davlat universitetining oʻzbek filologiyasi yoʻnalishida tahsil oladi. Adabiyotga qiziqishi boʻlakcha. Hali oʻqish va yozishni bilmagan vaqtlaridayoq Erkin Vohidovning “Nido” dostonini yod olgan. Hozir ham sira tinib-tinchimaydi, hali qarasang ilmiy izlanishlarga shoʻngʻiydi, xorijda maqolalar chop ettiradi, yana bir qarasang turli tanlovlarda ishtirok etadi. 30 dan ortiq ilmiy-ommabop maqola muallifi, hikoyalari chet el nashrlari, xususan, AQSHning mashhur “Amazon” platformasida chop etilgan. Bugungi kunda u Misr, Pokiston, Argentina davlatlarining nufuzli tashkilotlari aʼzosi, Portugaliyaning inson huquqlari boʻyicha tashkiloti volontyori. 2022–2023-yillarda Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi. Yaqinda “Moziydan ziyoga qadar” deb nomlangan uchinchi mualliflik kitobi chop etildi.

    Yozuvchilikka daʼvoim yoʻq, ammo...

    Ochigʻi, 23 yoshli qizning shuncha yutuqlarga erishgani meni ham biroz hayratlantirdi. Ammo u bilan suhbatlashgach, Shahrizoda kabi yoshlarga yurtimizda taqdim etilgan keng imkoniyatlar, barcha yoʻnalishlarda yaratilayotgan sharoitlar katta kuch, ragʻbat berayotganiga yana bir bor amin boʻldim. Yaqin yillarda ham oʻzbek yoshlarining xorijda bitta maqola chop ettirishi ming mashaqqat edi. Endi esa ular xalqaro tashkilotlar aʼzolariga aylanyapti.

    — Niyat qildingmi, aniq maqsad qoʻyish, u tomon dadil harakat qilishni ham bilish kerak ekan, — deydi Shahrizoda Qoʻziyeva. — Shundagina ular birin-ketin amalga oshib boradi. Bolaligimdan “Bir kuni olima boʻlaman. Meni shunday bilim sohibi deb eʼtirof etishadi”, deya orzu qilardim. Ota-onam ham soʻzlarimga beeʼtibor boʻlmadi, aksincha, meni qoʻllab-quvatlab, koʻp oʻqisang, albatta, kelajakda ilm-fan rivojiga oʻz hissangni qoʻshib, katta olim boʻlasan, deyishardi. 2021-yilda MDH davlatlari orasida eng yosh olimlardan biri sifatida eʼtirof etilganimni eshitganimda, koʻz yoshlarimni tiyib turolmadim. Xushxabarni albatta, birinchi ota-onam, ustozlarimga yetkazganman.

    Olima boʻlish faxr barobarida, katta mashaqqat ekanini ham yaxshi bilaman. Hozir filologiya yoʻnalishida tahsil olyapman va doim izlanishdaman. Chunki filolog har sohada ilgʻor boʻlmogʻi kerak. Filolog bu jurnalist, psixolog, pedagog, tarbiyachi, shifokordir. Chunki soʻz ishlatilmaydigan, soʻzning qudrati his qilinmaydigan oʻrin yoʻq, nazarimda. Va tom maʼnoda, filolog yozuvchi hamdir. Soʻz sehri ularga tinchlik bermaydi. Aslida, yozuvchilikka daʼvoyim yoʻq, lekin yozmasdan ham turolmayman.

    Shahrizoda tez-tez hikoyalar yozib turadi. Ilk hikoyasini esa oliy oʻquv yurtiga kirgan yillari qoralay boshlagan.

    — Usmon Nosirning “Ilhomning vaqti yoʻq, selday keladi”, degan soʻzlari bor. Menda ham shunday boʻldi chogʻi, — deydi Shahrizoda. — Ochigʻi, men yozuvchiman, deya qoʻlga qalam olmayman. Shunchaki, yozilajak hikoyam koʻz oldimda gavdalanadi: manzarasidan tortib, soʻzlarigacha. Soʻng ularni qogʻozga tushiraman.

    Barcha yoshdagilarga mos loyiha

    Shahrizoda badiiy va ilmiy adabiyotlarni koʻp oʻqiydi. Bir tomondan, filolog boʻlgani uchun, boshqa tomondan esa, adabiyotga mehri sabab. Adabiy tanqidchilardan Ozod Sharofiddinov, Matyoqub Qoʻshchonov, Qozoqboy Yoʻldoshev asarlarini sevib mutolaa qiladi. Shu yoʻnalishga qiziqishi ham bor va oʻzini sinab koʻra boshlagan. Hatto, ilk bor Ozod Sharofiddinovning “Ijodni anglash baxti” asarini qoʻliga olganida, ich-ichidan “Men Xorazmning Ozod Sharofiddinovi boʻlaman!”, degan maqsad qilgan. Hozirgi kunda esa “Shukur Xolmirzayev nasrida obrazlar tahlili” mavzusida ilmiy-tadqiqot olib boryapti. Qahramonimizning “Moziydan ziyoga qadar” deb nomlangan loyihasi uning filologiya va adabiyot yoʻnalishidagi izlanishlari mahsulidan biri.

    — Filologiyani adabiyotdan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi, ayniqsa, men uchun bu imkonsiz, — deydi Shahrizoda. — Shunday ekan, milliy adabiyotimiz rivojiga hissa qoʻshish kasbiy burchim, deb bilaman. Oʻzim asos solgan “Moziydan ziyoga qadar” deb nomlangan loyihaning maqsadi ham shundan iborat. Bu loyiha kasbi, yoshi, mansabidan qatʼi nazar, adabiyotga qiziqadigan har bir insonni qamrab oladi. Gap shundaki, loyiha platforma shaklida ishlab chiqilgan boʻlib, undan adabiyot, kino, xalq sevgan qoʻshiqlar, kasblar boʻyicha savollar joy olgan. Ishtirokchilar taqdim etiladigan bitta savolning bir nechta javobini ketma-ketlikda topishi kerak boʻladi. Bu loyiha adabiyotimiz bilan bogʻliq esdan chiqqan maʼlumotlarni yodga solish barobarida, xotirani mustahkamlab borishga koʻmaklashadi. Ahamiyatlisi, savollar ilmiy, murakkab terminlar bilan emas, balki sodda tarzda tuzilgan.

    Shundan soʻng 100 adib hayoti va ijodidan savollar tuzib, bir joyga jamladim, u Xorazm yoshlari nashriyotida “Moziydan ziyoga qadar” nomi ostida chop etildi. Kitobni viloyatimizdagi maktablarga tarqatdik. Endilikda bolalarning adabiyotga qiziqishini yanada oshirish maqsadida ustozlari tomonidan darslar mobaynida bu kabi savollar davomli berib boriladi. Bu bolajonlarni yanada teran va chuqur fikrlashga, zukko boʻlib ulgʻayishiga xizmat qilishiga ishonaman.

    Ishonchning javobi ishonch boʻlsin!

    Shahrizodaning faoliyati ilmiy maqolalari orqali xorijda ham tanilib bormoqda. Qahramonimiz bugungi qulay sharoitlar davrida oʻzbek yoshlarining chet davlatlarda ham oʻz oʻrni, soʻzi boʻlishi kerakligini aytadi.

    — Toʻgʻri, dunyo maydoniga chiqish, unda oʻrin egallash, ilmiy ishlarni taqdim etish oson emas, — deydi yosh filolog. — Bu til bilish, koʻp oʻqib-izlanishni talab etadi. Ammo hozirgi oʻzbek yoshlari buni bemalol uddalayapti. Bir nechta tilda soʻzlashib, bir vaqtning oʻzida qator xorijiy oliy oʻquv yurtlari talabasiga aylanayotgan yigit-qizlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan yoshlarimiz juda koʻp. Xorijliklar ham iqtidor va salohiyatimiz, imkoniyatimizni tan olib, bizni hamkorlikka chorlayapti, birga ishlashga taklif etyapti.

    Yurtimizda oldiga maqsad qoʻyib harakat qilayotgan yigit-qiz borki, ularga barcha eshiklar ochib berilyapti. Bularni oʻz koʻzim bilan koʻrganimda, yoshlarini eng yuksak maqom ila eʼzozlayotgan yurt farzandi ekanimdan faxrlanaman. Oʻzingiz ayting, har bir yigit-qizni qoʻllab-quvvatlab, ularning iqtidor va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun bor imkoniyatlar ishga solingan Vatan yana qayerda bor? Biz emasmi, ham kitob oʻqib maʼnaviyatimizni yuksaltirgan, ham mashina sohibi boʻlgan?

    Mana shu qoʻllov, imkoniyatlar sabab bugun biz har sohada dadil qadam tashlayapmiz. Hech kimdan hayiqmay, hech kimga bosh egmay oʻz maqsadlarimiz tomon intilyapmiz. Zero, “Oʻzbekiston, ertangni ishon menga!”, deya yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshishga bel bogʻlaganmiz.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri