Oʻzbekiston-Finlyandiya hukumatlararo komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Fevral 2023 1587

    Joriy yil 22-fevralda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Finlyandiya hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 5-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Finlyandiya hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo vaziri Ville Skinnari raisligida boʻlib oʻtdi.

    Unda sarmoyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi va kelishib olindi.

    Delegatsiyalar rahbarlari oʻz chiqishlarida ustuvor tarmoqlarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi, ilgʻor Finlyandiya tajribasi va texnologik ishlanmalarni jalb etish muhimligi, shuningdek, ikki davlat oʻzaro hamkorlik sohalarida hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirishni davom ettirishga tayyorligini taʼkidladilar.

    Tomonlar boshqa imkoniyatlar bilan bir qatorda “Finnvera” “Public Sector Investment Facility” Eksport-kredit agentligi (30 million dollargacha uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratadi, shundan 30 foizi grantlar sifatida) va Finlyandiyaning “Finfund” sanoat kooperatsiyasi jamgʻarmasining (xususiy kompaniyalarga loyihaviy va investitsiyaviy moliyalashtirishni taqdim etadi) moliyalashtirish vositalari orqali institutsional hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

    HK yigʻilishi doirasida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Finlyandiya tadbirkorlari oʻrtasida ikki mamlakatning raqobatdosh ustunliklaridan kelib chiqqan holda sarmoyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi qoʻshma harakatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, togʻ-kon sanoati, muqobil energetika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, taʼlim va raqamli transformatsiya eng istiqbolli yoʻnalishlar sifatida tilga olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.