Reyting global tadqiqot va innovatsion rivojlanish bo‘yicha dunyo mamlakatlari faoliyatini baholaydigan yetakchi tadqiqot hisoblanadi hamda 2 ta subindeks va 7 ta yo‘nalish guruhiga birlashtirilgan 80 ga yaqin indikatorni o‘z ichiga oladi.
Joriy yil 29-sentabr kuni e’lon qilingan GIIning 2026-yil hisobotiga ko‘ra, Oʻzbekiston o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 2 pog‘ona o‘sib, 139 ta mamlakat orasida 77-oʻrinni egalladi.
Oʻzbekiston quyi va oʻrta daromad guruhida 36 ta mamlakat oʻrtasida kuchli 8 talik hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida 11 ta mamlakat ichida kuchli 4 talik mamlakatlar qatoridan joy oldi.
Reytingda innovatsiyalarga yo‘naltiriladigan sarmoya va resurslar (innovation input) subindeksida 68-o‘rin (1 pog‘onaga o‘sdi) va innovatsiyalar natijadorligi (innovation output) subindeksida 78-o‘rin (14 pog‘onaga o‘sdi) egalladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston GII reytingiga ilk bor 2015-yilda qo‘shilgan bo‘lib, 141 ta mamlakat orasida 122-o‘rinni egallagan. Mamlakatimiz 2025-yilda 139 ta mamlakat orasida 79-o‘rindan joy olgan.
O‘zbekiston GII reytingida ilm-fan, tadbirkorlik va mehnat unumdorligi bo‘yicha jahonda yuqori natijalarni qayd etdi.
Xususan, mamlakatimiz “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar” indikatorida 2-o‘rinni, “Tadbirkorlik siyosati va madaniyati” indikatorida 3-o‘rinni, “Startap va skaylaplarni moliyalashtirish” indikatorida 4-o‘rinni hamda “Mehnat unumdorligi o‘sishi” indikatori bo‘yicha 7-o‘rinni egalladi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-21 son Farmoniga ko‘ra GII reytingida 2030-yilga kelib O‘zbekistonni dunyodagi yetakchi 60 ta innovatsion davlat qatoriga kiritish vazifasi hamda 2026-yilda 77-o‘rinni egallash maqsadli ko‘rsatkichi belgilangan.