Bu esa, oʻz navbatida, nafaqat yurtimizda, balki jahon hamjamiyatida bu kabi maʼlumotlarni aholi orasida tarqalishini oldini olishga, ularni ijtimoiy tarmoqlarda aniqlash va faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha mexanizmlar ishlab chiqish hamda amaliyotga tadbiq qilish zaruratini kun tartibiga qoʻymoqda.

Misol uchun, oʻtgan davrlar mobaynida AQSHda 68 ta, Rossiya Federatsiyasida 47 ta, Buyuk Britaniya 78 ta va Turkiyada 15 ta ekstremistik va terroristik tashkilotlarning faoliyati taqiqlangan, shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasida 5342 ta, Qozogʻiston Respublikasida 1133 ta, Qirgʻiz Respublikasida 167 ta va Tojikiston Respublikasida 2417 ta radikal kontentlar sud tomonidan taqiqlangan.

Oʻzbekiston Respublikasida ham ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar joylashtirilgan internet saytlari, kanallar, profillarni aniqlash va ularni faoliyatiga chek qoʻyish yuzasidan masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan mexanizm asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur mexanizmga asosan, Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda internet tarmogʻidagi radikal diniy mazmundagi kontentlar aniqlanib, Oliy sud qarori bilan ular ekstremistik va terroristik materiallar deb topiladi.

Ushbu tartibga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining 60 ga yaqin qarori chiqarilib, ularga muvofiq 500 dan ortiq kontent radikal mazmunda deb topilgan hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.