2021-yilning sentyabr oyida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlarning iste'mol narxlari indeksi (INI) 1,1 %ni tashkil etdi. Joriy yil boshidan iste'mol sektorida narxlarning o'sish darajasi 5,9 %, o'rtacha oylik o'sish darajasi esa 0,6 %ni ko'rsatdi. Yillik nisbatda INI o'sish darajasi 10,8 %ga yetdi, deb yozmoqda review.uz sayti.

O'tgan yili yanvar-sentyabr oyida umumiy INI o'sish darajasi 6,3 %ni, o'rtacha oylik o'sish darajasi 0,7 %ni, 2019-yilning mos davrida esa o'sish darajasi 9,7 %ni, o'rtacha oylik o'sish darajasi esa 1,0 %ni tashkil etgan.

2021-yilning sentyabr oyida narxlar va tariflar oshishi bo'yicha yetakchilik aholiga pullik xizmatlarga tegishli bo'lib, oy davomida ularning narxlari o'rtacha 1,5 %ga oshdi. Ushbu davrda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 1,2 %ga, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 0,7 %ga yuqorilagan.

Umuman olganda, 2021-yilning dastlabki to'qqiz oyida oziq-ovqat mahsulotlari 6,7 % ga qimmatlashib, 2020-yilning mos davridagi ko'rsatkichdan 0,8 foiz bandga va 2019-yilning yanvar-sentyabridagi mos ko'rsatkichdan 1,7 foiz bandga past bo'ldi.

Mahsulotlarning asosiy guruhlari orasida 2021-yilning 3 choragida narxlar oshishi bo'yicha yetakchi uchlikdan yog'-moy mahsulotlari (1,2 barobar), go'sht mahsulotlari (9,5 %) hamda shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (8,6 %) o'rin olgan.