IT Park O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2019 yilda tashkil etilgan bo'lib o'tgan davr mobaynida kichik tashkilotdan Markaziy Osiyodagi eng yirik IT xablardan biriga aylandi.
2022 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko'ra, IT Park rezidentlari soni 747 ta kompaniyani tashkil etib, ushbu ko'rsatgich o'tgan yilning mos davriga nisbatan 155 foizga o'sdi. Quvonarlisi, hududlarda ham axborot texnologiyalari sohasidagi tashkilotlar soni ortib bormoqda. Misol uchun, aytib o'tilgan 747 ta kompaniyadan 157 tasi viloyatlarda ro'yxatdan o'tgan. O'tgan 6 oyda 134 ta IT kompaniya tashkil etilgan. 94 ta tashkilot IT sohasida ta'lim xizmatlarini ko'rsatib kelmoqda. Xorijiy IT kompaniyalar soni esa 107 taga etdi.
Bugungi kunda IT Park tomonidan aholini, ayniqsa yoshlarni yuqori daromadli ish joylari bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Buning uchun mamlakatimiz bo'ylab BPO maktablari va mazkur maktablar bitiruvchilarini ish bilan ta'minlaydigan BPO markazlar faoliyat yuritmoqda. Ushbu qadamlar o'z samarasini berib, O'zbekiston IT eksporti jadal oshishiga xizmat qilmoqda.
SHunday qilib, tashqi bozorlarda xizmat ko'rsatuvchi IT Park rezidentlari soni 203 tani tashkil etdi. Taqqoslash uchun: o'tgan yilning mos davriga nisbatan o'sish 271 % foizni tashkil etadi.IT Park rezidentlari tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmi o'tgan yilning mos davriga nisbatan 4,4 baravarga oshdi va 53,2 million dollarni tashkil etdi. eksporting 88 foizi AQSh, qolgani esa Buyuk Britaniya, Germaniya, MDH davlatlari va Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) to'g'ri keladi.