Mazkur loyiha Oʻzbekiston hukumati va Xitoyning «Yangling Modern Agriculture International Cooperation Group Co., Ltd.” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Uning maqsadi — zamonaviy agrotexnologiyalar, ilm-fan va ishlab chiqarishni birlashtirgan ilgʻor agrosanoat markazini yaratishdir.
116,5 gektarlik hududda sanoat va demonstratsion maydonlar, dron va robot texnologiyalari sinov markazlari, “aqlli sugʻorish” tizimlari, 3D ekish laboratoriyalari hamda sovuq zanjirli logistika infratuzilmalari barpo etiladi.
Shuningdek, Xitoy, Yaponiya va Italiya tajribasi asosida Oʻzbekiston olimlari bilan hamkorlikda yangi paxta, bugʻdoy, sholi, makkajoʻxori va uzum navlari yaratiladi. 500 gektar maydonda pomidor, yongʻoq va quruq mevalarni yetishtirish va qayta ishlash, 5 ming gektarda esa qattiq bugʻdoy ekish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Natijada yangi ish oʻrinlari yaratiladi, eksport salohiyati oshadi va Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fan, texnologiya va ishlab chiqarish integratsiyasining yangi bosqichiga chiqadi.








