Senatning 15-avgust kuni boʻlib oʻtgan 55-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining davlatlarning kosmik fazoni tadqiq qilish va foydalanish, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlari (London, Moskva va Vashington, 1967-yil 27-yanvar) faoliyat prinsiplari toʻgʻrisidagi Shartnomaga qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi.
Bugungi kunda kosmik faoliyat jahon hamjamiyatining globallashuvi va axborotlashtirish jarayonida muhim oʻrin tutmoqda.
Dunyoning barcha yetakchi va koʻplab rivojlanayotgan davlatlari tomonidan kosmik fazoni oʻrganish va undan foydalanish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilib, kosmik salohiyatdan iqtisodiy, mudofaa, texnik, ilmiy, ijtimoiy, madaniy va xalqaro manfaatlarni amalga oshirish uchun foydalanib kelinmoqda.
Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro arenada rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, mustahkamlash, xalqaro huquq normalariga muvofiq milliy manfaatlarini hisobga olgan holda kosmik faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, texnologiyalar transferini jadallashtirish maqsadida xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlishi hamda xalqaro huquq normalariga asoslangan hujjatlarni qabul qilishi yoki qoʻshilishi dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda.
Taʼkidlanganidek, Shartnoma 1967-yil 10-oktyabrda kuchga kirgan va 2024-yil holatiga koʻra, unga 114 ta mamlakat qoʻshilgan.
Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonning kosmik fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish, kosmosning barcha hududlari va osmon jismlariga erkin kirish, shuningdek, xalqaro kosmik loyihalarda, resurslar va bilimlar almashinuvida qatnashish imkoniyatlarini ochib beradi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.