Ilk bor ushbu kongress 2017-yil may oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida “Oʻzbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar oʻrtasida muloqotga yoʻl” shiori ostida oʻtgan edi. Ilk kongress yakunida dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan 300 nafardan ortiq olim va mutaxassislar ishtirokida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatini taʼsis etish boʻyicha deklaratsiya qabul qilindi. Ana shu masalada Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaatnoma yoʻllangandi. Prezidentimizning bevosita yordami bilan, bir qator davlat, nodavlat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston madaniy merosini tadqiq etish borasida juda katta ibratli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasining qamrovi samadorligi yil sayin ortib bordi.
Mazkur loyihadan maqsad Oʻzbekiston hududida yaratilgan yoki Vatanimizga bevosita aloqador boʻlgan, vaziyat taqozosiga koʻra dunyoning turli hududlariga borib qolgan, xorijdagi muzeylar, kutubxonalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan madaniy meros obidalari haqida maʼlumotlar toʻplash, ularni oʻrganish va kitob-albomlarga kiritishdan iborat. Bu yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirish maqsadida ayni paytga qadar dunyoning 20 ga yaqin mamlakatlariga ilmiy safarlar uyushtirildi. Turli muzeylar, kutubxonalar, ilmiy-maʼrifiy maskanlar, shaxsiy kolleksiyalardan Oʻzbekistonga aloqador oʻn mingdan ortiq turli eksponatlar, tarixiy ashyolar, amaliy va tasviriy sanʼat namunalari, uy-roʻzgʻor buyumlari, qoʻlyozmalar aniqlandi. Ushbu topilmalar haqida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidan 35 ta kitob-albom nashr qilindi. Ushbu kitob-albomlar mazmunini oʻzida aks ettirgan hujjatli filmlar yaratildi va namoyish qilindi.
Kitob-albomlarning taqdimot marosimi nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning turli qitʼalarida oʻtkazildi. Oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan mazkur kitoblar yurtimizdagi hamda butun dunyodagi ikki yuzdan ortiq kutubxonalar va ilmiy-maʼrifiy maskanlarga begʻaraz tarqatildi.
Butunjahon jamiyatining kongresslari 2018-yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida, 2019-yilda Toshkent, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida oʻtkazildi. Butunjahon jamiyati yuridik shaxs sifatida 2019-yil 21-avgust kuni Parij shahrida Fransiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. 2019-yilning oxirlarida yuzaga kelgan koronavirus tahlikasi bois, 2020-yilning dekabr oyida toʻrtinchi kongress karantin cheklovlari doirasida, faqat Toshkent shahrida oʻtkazildi.
Bu yilgi beshinchi kongress tadbirlari 13–21-sentyabr kunlari Oʻzbekistonning bir qancha shaharlari – Toshkent, Xiva va Nukusda anʼanaviy tadbirga aylangan madaniy meros haftaligining bir qator yorqin tadbirlari oʻtkaziladi. Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligining asosiy voqeasi “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidan 40 ta yangi kitob-alʼbom taqdimotidir.
Shuningdek, meʼmoriy va qoʻlyozma asarlarni asrab-avaylashning ahamiyati, muammolari toʻgʻrisida jahon olimlarining maʼruzalari tinglanadi. Bundan tashqari, koʻrgazma, taqdimot, madaniy meroslarga sayohat va badiiy dasturlarni oʻz ichiga oladi. Dasturdan Oʻzbekiston madaniy merosini tadqiq etishga bagʻishlangan 100 ga yaqin qiziqarli maʼruzalar oʻrin olgan.
— Biz Oʻzbekistonning madaniy merosini asrab-avaylash loyihamizni qoʻllab-quvvatlayotgan davlatimizdan minnatdormiz. Pandemiya paytida Vengriya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa bir qator mamlakatlar mutaxassislari bilan yaqin aloqa oʻrnatishga va samarali ish olib borishga mavaffaq boʻldik. Buning natijasida noyob 40 ta kitob tayyor boʻldi. Men mualliflarga tinimsiz mehnati uchun minnatdorlik bildiraman va hammamiz uchun qiyin boʻlgan paytda vafot etganlarning yaqinlariga hamdardlik bildiraman,– deydi butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.
13-sentyabr kuni kongressning ochilishi Toshkent shahrida oʻtkaziladi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyatining beshinchi kongressi ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittiriladi. Shuningdek, bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlarining videomurojaatlari namoyish etilishi kutilmoqda.
Kongressning ochilish marosimida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Oʻzbekiston fanlar akademiyasi akademigi, Butunjahon jamiyati aʼzosi, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi ilmiy rahbari E.Rtveladze, Turkiyaning Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA) rahbari, professor M.Erol, Avstriyaning “Mueller&Schindler” nashriyot uyi vitse-prezidenti A.Vilgelm va boshqalar soʻzga chiqib, Oʻzbekiston madaniy merosining qamrovi, uni tadqiq etishning bugungi kundagi ahamiyati va istiqbollari xususida soʻz yuritadilar.
Shundan soʻng “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidan chop etilgan kitob-albomlarning 500 nusxasi tantanali ravishda jahonning eng yirik muzey va kutubxonalariga taqdim etiladi.
14-15-sentyabr kunlari Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniy forumi boʻlib oʻtadi. Bu haqda YUNESKO xalqaro tashkiloti raxbari Odri Azule Oʻzbekiston prezidentining bu tashabbusini BMT bosh assambleyasining 75-sessiyasida qoʻllab-quvvatlab shunday degan edi: “Men Prezident Mirziyoyevning 2021-yilda Xivada Markaziy Osiyo boʻyicha xalqaro madaniy forum oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatlayman”.
Xiva – Buyuk Ipak yoʻlidagi eng qadimiy shaharlardan biri boʻlib, u taʼlim, fan va madaniyat markazi hamda ming yillar davomida sivilizatsiyalar beshigi boʻlib xizmat qilgan. 1990-yilda Xivaning ichki shahri “Ichan-Qalʼa” YUNESKOning jahon merosi roʻyxati kiritilgan. Yaqinlashib kelayotgan Forum mintaqamiz xalqlarining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasi haqida har tomonlama fikr almashish uchun maydon boʻlib xizmat qiladi.
Yana bir muhim voqea TURKSOY tashkilotiga aʼzo davlatlari madaniyat vazirlari doimiy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Unda turkiy tilli davlatlar madaniyat vazirlari qardosh xalqlar va millatlar oʻrtasida doʻstlik, madaniy aloqalarni mustahkamlash, mushtarak merosimizni asrash va oʻrganish, bu boradagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha fikr almashadilar.
Madaniy meros haftaligi doirasida Oʻzbekiston fuqarolari va chet ellik mehmonlarni mamlakatimiz sanʼatining noyob durdonalari bilan tanishtiradigan oʻndan ortiq koʻrgazma oʻtkazish rejalashtirilgan. Bu arxeolog, Oʻrta Osiyo madaniyati tadqiqotchisi Leon Semyonovich Barshchevskiyning “Oʻzbekiston tarixi fotosuratlarda”, “Markaziy Osiyo kartografiyasi: fan va geosiyosat oʻrtasida” fotokoʻrgazmalari, “Oʻzbekistonning eng sara 100 ta qoʻlyozmalari” nomli fotokoʻrgazmalar. Rishton kulolchilik buyumlari koʻrgazmasi, Shahrisabz va Samarqand yodgorliklariga virtual sayohat “Zamonaviy ilm-fan 3D-texnologiyasi”, video-sanʼat koʻrgazmasi, J. Usmonovning “A. Navoiy sheʼriyati” kartinasi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy bankining numizmatik toʻplami koʻrgazmalari va boshqalardir.
Shuningdek, Madaniy meros haftaligi doirasida “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi oʻzbek sanʼatining jahon va mamlakatdagi durdonalariga bagʻishlangan 50 ta noyob kitob-albom toʻplamlar taqdimoti boʻlib oʻtadi. 50 ta kitob-albomlar toʻplamini muzeylar, galereyalar, taʼlim muassasalari, xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari va konsulliklariga topshirish marosimi rejalashtirilgan.
Madaniy meros haftaligi ishtirokchilari Nukus shahriga tashrif buyuradi va Nukus baxshi maktabida “Baxshi sanʼatining jahon madaniyati sivilizatsiyasidagi roli” xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyasining ochilishida ishtirok etadi.
Bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan YUNESKO hamkorligida “Arxeologiya va turizm: salohiyatni belgilash va merosni boshqarish” mavzusida xalqaro arxeologiya konferensiyasi oʻtkaziladi. Ishtirokchilar arxeologik merosni boshqarish va geokultural brending, fundamental va amaliy fandagi arxeologik meros va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qiladilar. Anjuman ishtirokchilari, shuningdek, I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi, Jonbosqalʼa, Ellikqalʼa, Tuproqqalʼa singari tarixiy yodgorliklarni ziyorat qiladilar.
Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligi ishtirokchilari bir hafta davomida mazkur yoʻnalishdagi ilmiy anjumanlarda taklif va mulohazalarini bayon etishi, shu bilan birga yurtimizning tarixiy obidalari, Yangi Oʻzbekistonda qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, xalqimizning boy va betakror anʼanalari, madaniyat va sanʼatimiz, milliy pazandachiligimiz durdonalari bilan tanishishlari, bir olam taassurotlar bilan oʻz vatanlariga qaytishi kutilmoqda.