Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy boʻlimlari tashkil etiladi

    Mamlakatimizda 29 Dekabr 2023 2967

    Oʻzbekiston Prezidentining “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

    Hujjatga koʻra, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlarini tashkil etiladi.

    Uyushmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:

    - mahallaning xalq bilan davlat oʻrtasidagi “koʻprik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga koʻmaklashish;

    - mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish, uning jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini taʼminlash;

    - har bir fuqaro oʻzi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini taʼminlashda masʼuliyatni sezishi, boqimandalikka oʻrganmaslik hissini yanada kuchaytirish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish;

    - “mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish uchun safarbar etishda koʻmaklashish va boshqalar.

    Uyushma raisi maqomi, tibbiy, transport va maishiy taʼminot sharoitlari boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.

    Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-martdan boshlab “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam koʻrsatish va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligini aks ettiruvchi quyidagi yangi tartib joriy etiladi.

    Shuningdek, jismoniy shaxslarni daftarlarga kiritish, shuningdek, daftarlar hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hamda Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi orqali ijtimoiy yordam koʻrsatish va subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi” ning kollegial qarori asosida amalga oshiriladi.

    Unga koʻra, har oyning 5-sanasiga qadar daftarlar uchun mablagʻlarni taqsimlovchi masʼul tashkilotlar tomonidan jamgʻarmalarda shakllangan mablagʻlar daftarlarga kiritilgan fuqarolar soniga mutanosib ravishda tegishliligi boʻyicha har bir mahalla kesimida taqsimlanadi.

    Shuningdek, farmonda “Temir daftar” Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan yuritilishi qayd etilgan.

    Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan hujjatga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab barcha tuman va shaharlarda “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi.