O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida olib borilayotgan tub islohotlar, harbiy qism va muassasalarning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish hamda harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish maqsadida 2026-yil 30-yanvar kuni press-tur tashkil etildi.
Tadbirda Mudofaa vazirligi mas'ul mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Ular Chirchiq shahrida joylashgan aviatsiya ta'mirlash zavodi, Mudofaa vazirligi Maxsus operatsiyalar kuchlari dala-o'quv maydoni hamda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Quruqlikdagi qo'shinlar institutining faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo'ldilar.
Dastlab, press-tur davomida ishtirokchilar Chirchiq aviatsiya ta'mirlash zavodida keng ko'lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirilgani, zamonaviy “Airbus” rusumli vertolyotlarga xizmat ko'rsatish markazi faoliyati va Su-25 harbiy samolyotlarini kapital ta'mirlash va modernizatsiya qilish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Chirchiq shahrida joylashgan aviatsiya ta'mirlash zavodi direktorining so'zlariga ko'ra, 11-sinf bitiruvchilari uchun ham ushbu joyda ishlash imkoniyati mavjud.
Xususan, 11-sinfni tamomlagan yoshlarni ushbu zavod doimiy ishga qabul qiladi. Ish boshlash uchun tajriba talab etilmaydi, barcha ko'nikmalar ish jarayonida o'rgatiladi.
Zavod direktorining takidlashicha, boshlang'ich oylik maosh 4 500 000 so'mdan boshlanadi, tajriba va malakaga qarab 15 –20 million so'mgacha etishi mumkin. Zavodda ishlash davomida kasb-hunar o'rgatiladi va rasmiy sertifikat beriladi. Ushbu sertifikat bilan kelajakda boshqa korxonalarda ham ishlash imkoniyati mavjud.
Shuningdek, press-tur doirasida OAV xodimlari poligon obyektlarida jangovar ko'nikmalarni takomillashtirish, shaxsiy tarkibni samarali tayyorlash hamda ularning axloqiy-ruhiy barqarorligini oshirish uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Bu yerda harbiy xizmatchilar jangovar va maxsus tayyorgarlik mashg'ulotlarini tashkil etishning yangi uslublarini amalda bajarib, kasbiy ko'nikmalarini mustahkamlaydi.
Zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda kichik komandirlarning mustaqil qaror qabul qilish ko'nikmalari va boshqaruvchanlik mahorati darajasini baholashga, shuningdek, jang maydonida tez o'zgarib borayotgan vaziyat sharoitida harbiy xizmatchilarning zamonaviy qurol-yarog' va texnikadan samarali foydalanishdagi kasbiy mahoratiga alohida e'tibor qaratildi.
Press-tur ishtirokchilariga mazkur dala o'quv maydonida bo'linmalar bilan o'tkazilayotgan mashqlarni kuzatishga imkon yaratildi. Mazkur mashqlar davomida bo'linmalarning jangovar imkoniyatlari hamda ularning birgalikdagi harakatlari, kichik komandirlarning zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda mustaqil qaror qabul qilish ko'nikmalari va boshqaruv mahorati darajasi, harbiy xizmatchilarning tez o'zgarib borayotgan jangovar vaziyat sharoitida jang maydonida zamonaviy qurol-yarog' va texnikani samarali qo'llash bo'yicha kasbiy mahorati namoyish etildi.
Press-tur ishtirokchilari Quruqlikdagi qo'shinlar institutiga ham tashrif buyurib, yangi tashkil etilgan “Raqamli poligon”, “Mafkuraviy poligon”, zamonaviy sinfxonalar va ta'lim infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar.
Institut boshlig'i o'rinbosari polkovnik Alisher Shirinov ta'kidlaganidek, bugungi kunda faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy ta'lim infratuzilmasi obyektlari barpo etilgan, kursantlar uchun jangovar va ma'naviy salohiyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan sharoitlar yaratilgan. Asosiy e'tibor ofitserlarning mustaqil fikrlay olishi va qaror qabul qilishda zamonaviy yondashuvlarga tayanishini ta'minlashga qaratilgan.
Mudofaa vazirligi tizimida harbiy kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etilgan. Jumladan, barcha oliy harbiy ta'lim muassasalari yagona markazlashgan tizimga birlashtirilib, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi. Shu asosda Quruqlikdagi qo'shinlar instituti zamonaviy jangovor ko'nikmalarga, jismoniy va ma'naviy barqarorlikka ega ofitserlarni tayyorlashga ixtisoslashgan.
Institutda 9 ta ta'lim yo'nalishi bo'yicha kursantlar tayyorlanadi. Ta'lim 4 va 5 yillik dasturlar asosida olib boriladi, shuningdek, harbiy xizmatchilar va mutaxassislar uchun 1 va 3 oylik malaka oshirish kurslari tashkil qilingan. 13 ta kafedrada ming nafardan ortiq kursant ta'lim oladi, o'qish “50% nazariya — 50% amaliyot” prinsipi asosida tashkil etilgan.
Modellashtirish markazi faoliyati uchun mas'ul polkovnik Aleksandr Masharipovning ta'kidlashicha, kursantlar raqamli modellashtirish texnologiyalari orqali qaror qabul qilish, elektron xaritalarda vaziyat tahlili va simulyatsiya muhitida turli jang stsenariylarini sinab ko'rish imkoniga ega. Bu usul katta resurs sarflamasdan real tajriba olish imkonini beradi.
Press-tur davomida ishtirokchilar oliy harbiy ta'lim muassasalari va harbiy qismlarda olib borilayotgan mashg'ulotlar, zamonaviy texnika va qurol-aslahalardan foydalanish jarayonlari, shuningdek, kursantlar bilan amaliy muloqot orqali harbiy tayyorgarlikning yuqori darajada tashkil etilganini o'z ko'zlari bilan ko'rdilar.
Shu tarzda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va Mudofaa vazirligi tomonidan olib borilayotgan islohotlar milliy armiyani zamonaviy, intellektual va jismoniy barqaror ofitser kadrlar bilan ta'minlash, qurolli kuchlarning jangovar salohiyatini yuksaltirishga qaratilganligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Zulxumor Akbarova