Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, ushbu feyk xabar bundan bir yil avval pandemiya davrida 2021-yil iyul oyida eʼlon qilingan maʼlumot qayta, yaʼni takroran tarqatilmoqda. Joriy yilda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi bunday fatvo chiqarmagan.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish koʻrsatkichlarida oʻzgarishlar boʻlayotgan boʻlsa-da, lekin ommaviy tadbirlarni cheklash yuzasidan Respublika maxsus komissiyasining qarori eʼlon qilingani yoʻq.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, 2022-yil 1-iyul kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi. Unga koʻra joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 9-iyul – shanba kuniga toʻgʻri kelishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qaror inobatga olinib, mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilandi.