Turkiyadagi pichoqlanish bilan bogʻliq holatda Oʻzbekiston fuqarolari qatnashmagani maʼlum boʻldi

    Ayrim turk OAVlari shu yilning 26-avgust kuni oʻzbekistonlik 13 yashar bola Turkiyada odam oʻldirishga uringani haqida yozdi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur voqeada oʻzbekistonliklar ishtirok etganini rad etdi.

    Xabarlarda Aksaray viloyatida Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan 13 yoshli bola S.T. opasining 25 yoshli sevgilisi Muhammed O.ni pichoq bilan jarohatlab, voqea joyidan qochgani aytilgan. Yarador kasalxonaga yotqizilgan, gumonlanuvchi bola koʻp oʻtmay qoʻlga olingan.

    Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan oʻrganishlar natijasida aniqlanishicha, mazkur holat 22-avgust kuni Istanbuldan 521 km olisdagi Aksaray viloyatida sodir boʻlgan. Voqea ishtirokchilari boshqa davlat fuqarolari boʻlib chiqdi. Ayblanuvchi – 2012-y.t. S.T., jabrlanuvchi – 2000-y.t. M.O.

    «Baʼzan boshqa davlat fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ayrim OAVda Oʻzbekiston fuqarolari bilan bogʻlangan holda yoritilishi xalqimiz imijiga salbiy taʼsir etmoqda. Vatandoshlarimizdan mahalliy qonunlarga qatʼiy rioya etishlari, favqulodda holatlarda esa Bosh konsulxonaga murojaat qilishlari tavsiya etiladi«, deyiladi konsulxona xabarida.