Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish, ushbu Kodeksning 244 prim 1-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
— Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yolgʻon axborot ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari yoki boshqa kommunikatsiya vositalari orqali amalga oshirilgan boʻlsa, aybdorga nisbatan jazo chorasi qoʻllaniladi, — deydi Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi Behroʻza Normurodova. –Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244 prim 6-moddasiga muvofiq, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan va koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar ommaviy tadbirlar jarayonida yoki favqulodda vaziyat holatida, juda koʻp miqdorda zarar yetkazilgan yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan holda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Bunday axborotni tarqatishda shaxsning bevosita niyati va uni isbotlovchi dalillar muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, qonunchilik yolgʻon maʼlumot tarqatish natijasida kelib chiqadigan zararlar, shu jumladan, jamoatchilikning notoʻgʻri xabardor qilinishi, panika yoki obroʻsizlantirish holatlariga eʼtibor qaratadi.
Maʼlumot uchun, hozirgi kunda BHM 375 ming soʻmni tashkil etadi.








