Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti rahbari Inomjon Abdurahmonov nega mamlakat paxta import qilayotgani, bu jarayonda nima sababdan AQSH paxtasi tanlanganiga oydinlik kiritdi.
Toʻqimachilik sanoatining jadal oʻsishi
Uning qayd etishicha, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatida ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi: 2017-yildan buyon paxta ipi ishlab chiqarish hajmi 412 ming tonnadan 970 ming tonnagacha, trikotaj mato ishlab chiqarish 68 ming tonnadan 312 ming tonnagacha, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish esa 960 million donadan 3,1 milliard donagacha oshdi. 2016-yilda Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlari eksporti qariyb 1,1 mlrd dollarni tashkil qilgan, 2024-yilga kelib bu koʻrsatkich 2,8 mlrd dollarga yetdi.
Hozir Oʻzbekistonda yetishtirilgan paxta hosilining barchasi mahalliy korxonalarda qayta ishlanib, paxta tolasi ichki qayta ishlash darajasi 100 foizga yetgan. Oʻzbekiston toʻqimachilik fabrikalarining mahsulotlari 75 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda.
Endilikda Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati AQSH va Yevropa Ittifoqining premium bozorlarida oʻz oʻrnini mustahkamlashi lozim, deydi Abdurahmonov. “Bu bozorlarda yuqori sifat standartlari, xomashyoning kelib chiqishini kuzatish imkoniyati (traceability) va ishlab chiqarishning ekologik barqarorligi muhim ahamiyatga ega. Bunday global brendlar talablariga mos kelish uchun faqat ichki imkoniyatlar yetarli boʻlmasligi mumkin. Shu sababli maxsus navli paxtani import qilish zarurati yuzaga kelgan”.
Import — qoʻshimcha imkoniyatlar uchun
Oʻzbekiston har yili 1−1,15 mln tonna paxta tolasi ishlab chiqaradi va bu hajmning barchasi mahalliy fabrikalarda qayta ishlanmoqda. Fabrikalarning oʻrtacha quvvatdan foydalanish darajasi hozircha 75 foiz atrofida.
“Bu esa tarmoqda foydalanilmagan quvvatlar mavjudligini anglatadi va ularni aynan qoʻshimcha xomashyo hisobiga ishga solish mumkin. Import qilinadigan paxta faqat yuqori sifat va sertifikatlashning xalqaro standartlari talab qilinadigan ishlab chiqarish liniyalari va shartnomalarga yoʻnaltiriladi. Shunday qilib, tashqi bozordan paxta xaridi mahalliy fermerlarga raqobat tugʻdirmaydi (ularning mahsuloti allaqachon toʻliq isteʼmol qilinmoqda), balki sifatning yangi bosqichiga chiqish uchun maqsadli vosita boʻlib xizmat qiladi”, — dedi u.
Jahon yetakchilari tajribasi
Uning qayd etishicha, mamlakatlarning oʻz xomashyosini import bilan uygʻunlashtirish strategiyasi aslida yangilik emas — uni yetakchi toʻqimachilik davlatlari muvaffaqiyatli qoʻllab kelmoqda. U misol sifatida Turkiya, Bangladesh, Vyetnam, Hindiston, Indoneziya, Kambodja, Meksika va Xitoyni keltirdi, ular har yili AQSH, Braziliya, Avstraliya va Afrika davlatlaridan katta hajmda paxta import qilmoqda.
Taʼkidlanishicha, muayyan navli paxtani import qilish orqali ushbu davlatlar oʻz mahsulotlarini qoʻshimcha qiymat beradigan maxsus yorliqlar bilan belgilash imkoniyatiga ega boʻladi. Jahon bozorining premium segmentlariga chiqish strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan Made with U.S. Cotton tashabbusi xalqaro sifat talablari, kelib chiqishini kuzatish va ekologik barqarorlik standartlariga mos mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan.
Amerika paxtasining afzalligi
Inomjon Abdurahmonovga koʻra, AQSHdan keladigan paxta tolasi barqaror yuqori sifati bilan mashhur boʻlib, U.S. Cotton Trust Protocol — yetkazib berish zanjirini standartlashtirish va kuzatishning zamonaviy tizimiga mos keladi. Sertifikatlangan amerika xomashyosidan foydalanish yakuniy mahsulotni Made with U.S. Cotton nufuzli yorligʻi bilan belgilash huquqini beradi. Bir qator yirik brendlar uchun bu shunchaki marketing emas, balki hamkorlikning majburiy shartidir, deydi u. “Masalan, Leviʼs, Ralph Lauren, PVH, Puma, Gap, Tesco kabi kompaniyalar kolleksiyalarning bir qismi ushbu dasturga kiruvchi paxtadan tayyorlanishini talab qiladi. Amerika paxtasini xarid qilish oʻzbek fabrikalariga ilgari imkoni boʻlmagan global brendlar bilan shartnomalar tuzish yoʻlini ochadi”.
Oʻzbekiston sotib oladigan paxta navi — Strict Middling.
“Bu oʻziga xos xususiyatlarga ega yuqori navli paxta navidir. Tolasi uzun va qalin, bir xil ochiq va toza ranglarda. Aynan shunday paxta koʻplab brendlarning premium kiyimlari uchun talab qilinadi. Uni har qanday xomashyodan olib boʻlmaydi — u maʼlum sharoitlarda yetishtirilgan va qayta ishlangan boʻlishi kerak. Jahon bozorida bu navning ishonchli yetkazib beruvchilari sifatida AQSH, qisman Avstraliya va Braziliya tan olingan. Oʻzbekiston uchun esa AQSHdan Strict Middling partiyasini import qilish milliy toʻqimachilik sanoati nufuzini oshirish va premium segmentga chiqish yoʻlidagi bevosita qadam hisoblanadi”, — dedi departament rahbari.
Moliyaviy jihat
Amerika paxtasini xarid qilish AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligining GSM-102 dasturi doirasida rejalashtirilmoqda. Bu kredit kafolatlari mexanizmi boʻlib, unga koʻra, oʻzbek korxonalari xomashyoni 12−18 oygacha toʻlovni kechiktirish sharti bilan olishi mumkin. Amalda, amerika tomoni bitim summasining 98 foizigacha boʻlgan qismini sugʻurtalaydi va ishlab chiqaruvchilarga paxtadan foydalanish, keyin esa kelajakdagi eksport tushumidan qiymatini toʻlash imkonini beradi.
“Bunday sxema rivojlanayotgan bozorlar uchun foydali va moslashuvchan boʻlib, koʻplab mamlakatlar tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini import qilishda keng qoʻllanadi. Oʻzbekiston uchun GSM-102ʼda ishtirok etish kompaniyalar aylanma mablagʻlariga darhol yuklama tushirmasdan, yuqori sifatli xomashyoga imtiyozli moliyaviy sharoitlardan foydalanishni anglatadi”, — dedi Abdurahmonov.
Qoʻshimcha qilinishicha, GSM-102 kabi importni moliyalashtirish sxemalari korxonalarni bozor xavflaridan himoya qiladi. AQSH hukumati kafolatlari toʻlovsiz qolish mumkin boʻlgan holatlarning katta qismini qoplaydi, uzoq muddatli toʻlov esa narx va talab tebranishlarini yumshatadi. Natijada oʻzbek ishlab chiqaruvchilari ish rejalarini qoʻrqmasdan tuza oladi, shartnomalarni bajarish uchun zarur xomashyoga ega boʻlishini biladi va shunga moslashib, pul oqimlarini boshqaradi.
«Strict Middling navini oʻzimizda yetishtirish imkoni yoʻq»
Birinchidan, butun tarmoq ehtiyojini faqat mahalliy xomashyo hisobidan qoplash uchun paxta ekiladigan maydonlarni keskin kengaytirish va hosildorlikni sezilarli oshirish zarur boʻladi. Bunday agrotexnologik oʻzgarishlar tez amalga oshirilmaydi — mutaxassislar bahosiga koʻra, bunga kamida 5-yil davomli tinimsiz mehnat kerak boʻladi.
Ikkinchidan, va eng asosiysi, Strict Middling navi faqat muayyan tabiiy-iqlim sharoitlarida va tolani qayta ishlash texnologiyalarida hosil boʻladi. Paxtaning sifati — uning uzunligi, mustahkamligi, bir xilligi va rangi — bevosita iqlimga, quyosh nuri miqdoriga va hosil pishish hamda yigʻim-terim davridagi namlik darajasiga bogʻliq. Oʻzbekiston oʻrtacha navli paxta yetishtirish uchun qulay iqlimga ega, ammo eng yuqori nav uchun zarur boʻlgan sharoitlarni tabiatan taʼminlash qiyin.
Global imij va integratsiya
Inomjon Abdurahmonovning taʼkidlashicha, agar Made with U.S. Cotton yorligʻiga ega oʻzbek mahsulotlari AQSH va Yevropa Ittifoqi doʻkonlarida paydo boʻlsa, bu boshqa global chakana savdo tarmoqlari va distribyutorlarning ishonchini oshiradi.
“Strategik jihatdan bunday qadam mamlakatning global taʼminot zanjirlariga integratsiyalashishiga yordam beradi. Oʻzbekiston soʻnggi yillardagi islohotlar, paxta plantatsiyalarida majburiy mehnatdan voz kechilishi va biznes muhitining yaxshilanishi tufayli jahon toʻqimachilik sanoati xaritasida tobora sezilarli oʻrin egallamoqda. Yuqori sifatli xomashyo importi va xalqaro barqarorlik protokollariga (masalan, U.S. Cotton Trust Protocol) rioya qilish Oʻzbekiston toʻqimachilik sektorini zamonaviy, masʼuliyatli biznes yurituvchi oʻyinchi ekanini tasdiqlovchi yana bir dalil boʻladi. Bu yangi investorlar va buyurtmalarni jalb etadi: mamlakat asta-sekin global brendlar ishlab chiqarishni joylashtirishi va uning samaradorligi hamda standartlarga mosligiga ishonch hosil qilishi mumkin boʻlgan mintaqaviy sorching-habga aylanadi”.
Kiyim-kechak eksportchilari oldingi qatorlarida boʻlish Oʻzbekistonning eksport obroʻsi yuksalishiga olib keladi. Bu esa logistika va dizaynga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Nike yoki H&M kabi brendlar uchun yetkazib beruvchi boʻlish — bu “yuqori liga”da oʻynash demakdir, va bunday darajadagi reklama juda katta ahamiyatga ega. Shu tariqa, Oʻzbekiston iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish boʻyicha davlat ustuvor yoʻnalishlariga mos ravishda xomashyoga bogʻliq boʻlmagan eksportning uzoq muddatli oʻsishi uchun poydevor yaratmoqda», dedi u.
Abdurahmonovga koʻra, bu yerda gap Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlarining jahonning premium bozorlaridagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik qadam haqida ketmoqda.