Tashrif doirasida «O‘zbekiston-Polsha» parlamentlararo do‘stlik guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, shuningdek, Polsha Senati raisi o‘rinbosari  B. Borusevich, Seym vitse-spikeri R. Terlisk va Mazoviya viloyati marshali (rahbari) A. Struzik bilan  uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Polsha munosabatlarining holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, xususan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida o‘zaro tajriba almashishni faollashtirish masalalari muhokama etildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama parlamentlararo muloqot izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni faollashtirishda o‘zaro qiziqish bildirildi.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ham ko‘rib chiqdilar. Iqtisodiyotning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati, agrar va energetika sektorlaridagi loyihalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni faollashtirish maqsadida polshalik parlament a’zolari Polsha-O‘zbekiston iqtisodiy forumini o‘tkazishni taklif qildilar.

Mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikning ishonchli ikki tomonlama asoslarini shakllantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.