Tomonlar oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etdi.
Muqaddas Ramazon oyida roʻy berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu murakkab damlarda Oʻzbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori boʻlgan Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi.
Hozirda ushbu mamlakatda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak, ularni Vataniga qaytarish boʻyicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etdi.
Oʻz navbatida Amirliklar yetakchisi ushbu sinovli damlarda Oʻzbekiston Prezidentining samimiy qoʻllab-quvvatlagani, koʻrsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.