Mazkur tadbirni tashkil etishdan maqsad Markaziy Osiyo davlatlarida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil choralarni qoʻllash, jazoni ijro etish muassasalariga uyushtiriladigan monitoring tashriflari hamda probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, ularning natijalarini tahlil qilish orqali tizimni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Seminarda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlarining 50 nafarga yaqin Ombudsman institutlari, huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari vakillari, sudyalar hamda xalqaro tashkilotlar ekspertlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova soʻnggi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish, qolaversa, inson huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni qoʻllash, probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish boʻyicha yangi tizim yaratilganligini va bu orqali probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilish holatlarining kamayishiga erishilayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

F.Eshmatova Ombudsman faoliyatiga toʻxtalar ekan, dastlab ishtirokchilar eʼtiboriga yangi nashr etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi penitensiar tizimining takomillashtirilishi: qonunchilik va amaliyot” nomli risolani taqdim qildi. Ushbu risolada Ombudsman tomonidan 2019-yildan buyon jazoni ijro etish va boshqa yopiq muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflarining huquqiy asosi va erishilgan natijalarga oid maʼlumotlar aks etgan.

Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizm doirasida 2019-yildan buyon jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari orqali mahkum va mahbuslarning yashash sharoitlari, ovqatlanishi, mehnat qilishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi kabi sharoitlari xalqaro standartlarga mos ravishda yaxshilanib borishiga erishilmoqda.

Davlat rahbarining 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori milliy preventiv mexanizm faoliyatining yanada takomillashtirilishiga xizmat qilmoqda. Qarorda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash, qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarning tezkor va xolisona koʻrib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish kabi masalalar aks etgan.

Seminar davomida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlarining ushbu sohaga aloqador mutaxassis-ekspertlarining maʼruzalari eshitildi.

Taʼkidlanishicha, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo turlari boʻyicha chiqarilgan sud hukm(ajrim)larining ijrosini taʼminlash maqsadida mahkumlar jinoyatlarning xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasi shuningdek, mahkumlarning shaxsi va xulq — atvoriga alohida eʼtibor qaratish lozim. Shuningdek, nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir qilinishining oldini olish uchun ijtimoiy moslashtirish va kasb-hunarga yoʻnaltirish borasida ishlash talab etiladi.

Xalqaro tadbir davomida ishtirokchilar sud ishlarini yuritishda ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil choralarni qoʻllash, jazoni ijro etish muassasalariga uyushtiriladigan monitoring tashriflari hamda probatsiya xizmati faoliyatini takomillashtirish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.