Komissiya Raisi Zayniddin Nizamxodjayev boshqargan yigʻilishda Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq bir qator normativ-huquqiy hujjatlariga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritishga doir masalalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisida nizom, Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom, Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizom, Saylov va referendumga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarni saqlash, arxivga topshirish va yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnoma kabi hujjatlar shular jumlasidandir.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan boʻlajak saylovga tayyorgarlik ishlari, pandemiya bilan bogʻliq murakkab sharoitga qaramasdan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jadal va izchil davom ettirilayotgani aytib oʻtildi. Bunda Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonini tartibga soluvchi qarorlarini saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiqlashtirish, xalqaro standartlar hamda amaliyotdan kelib chiqib takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining tavsiyalari, mamlakatimizda oʻtkazilgan avvalgi saylovlar amaliyotida vujudga kelgan kamchiliklarni bartaraf etish, saylov jarayonlarini umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga moslashtirish bilan bogʻliq masalalarga muhim ahamiyat berilmoqda.
Saylov kodeksining 10-moddasiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxona va konsullik muassasasi hisoblanmaydigan chet davlatlardagi vakolatxonalarida saylov uchastkalari tuzilishi amaliyotda mavjud. Ushbu qoidaga asosan, Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 26-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva va Kvanju shaharlaridagi vakolatxonalarida qoʻshimcha saylov uchastkalarini tuzish va ularni tegishli saylov okruglariga biriktirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Shu bois diplomatik vakolatxona va konsullik muassasasi hisoblanmaydigan boshqa vakolatxonalarda tuziladigan saylov uchastkalariga oid masalalarning Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida Nizomda qamrab olinishi hamda mustahkamlab qoʻyilishi muhim ahamiyatga ega.
Qayd etish oʻrinliki, Saylov kodeksining chet davlatlarda istiqomat qilib turgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilar orqali ovoz berishining huquqiy asoslari yana-da mustahkamlandi.
Markaziy saylov komissiyasining normativ-huquqiy hujjatlariga kiritilgan bu kabi muhim oʻzgartish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga joriy yil 8-fevral hamda 31-may kunlari kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiq boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha jarayonni milliy saylov qonunchiligi va umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida oʻtkazishga xizmat qiladi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi. Deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.