Hashar Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti, Toshkent shahar Maxsustrans davlat unitar korxonasi hamda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

Shuningdek, Islom Karimov nomidagi texnika universitetining bir guruh ekologiya yoʻnalishida tahsil oladigan talabalar va “Yoshlar qanoti” yetakchilari bilan birgalikda poligonda chiqindilar muammolarini oʻrganish maqsadida ekotur ham tashkil etildi.

Tadbirda shuningdek, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti xodimlari, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Toshkent shahar Maxsustrans davlat ishlab chiqarish boshqarmasi, Islom Karimov nomidagi texnika universitetining bir guruh talabalari, Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlari, Ohangaron chiqindilar poligoni xodimlari, “Yoshlar qanoti” yetakchilari va Ekopartiya faollari ishtirok etdi.

Ushbu tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad – Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududida, jumladan chiqindilar poligonida mavjud muammolar haqida mutaxassislar va u yerda yashovchi aholi fikrini oʻrganish, talaba yoshlar uchun kognitiv ekskursiya tashkil qilish, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti, Toshkent shahar Maxsustrans davlat unitar korxonasi hamda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yillik bayramiga bagʻishlab yangi EKO bogʻ barpo etish.

Ekologik hashar davomida EKO bogʻ uchun maxsus hudud tayyorlandi, hududda tozalash ishlari olib borildi. Shuningdek “Ohangaron” chiqindilar poligoni hududidagi mavjud daraxtlar sugʻorildi.

BMTning maʼlumotiga koʻra, atrof-muhit ifloslanishi, ekologik holatini yomonlashishi oqibatida dunyo boʻyicha bir yilning oʻzida 12 million inson olamdan koʻz yumadi va bulardan 3 milliondan ortigʻi goʻdaklar va yosh bolalarni tashkil qiladi.

Bu kabi tadbirlar oʻsib kelayotgan yosh avlodda ona tabiatni sevishga, tevarak-atrofni osoyishta va pokiza saqlash haqidagi tushunchalarini shakllantirishga yordam berib, hayot sifatini ham yaxshilaydi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi