Muloqotda tomonlar Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining yuqori surʼatini, ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik ruhidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlik kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlari oʻrtasidagi ochiq va ishonchli munosabatlar ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda mustahkam asos hisoblanadi.
Tomonlar Oʻzbekiston va Ozarbayjon turkiy tilli davlatlar tashkilotlarida faol ishtirok etayotganini taʼkidladi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik izchil rivojlanayotganligi, ikki davlat qonun chiqaruvchi organlarida doʻstlik guruhlari faoliyat koʻrsatayotganligi qayd etildi.
Uchrashuv chogʻida yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini taʼminlash, shu jumladan, parlamentlarning savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi qoʻshma loyihalarni huquqiy jihatdan taʼminlash boʻyicha oʻzaro hamkorligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, parlamentlar mutasaddi qoʻmitalari va komissiyalari oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatish, parlament delegatsiyalari oʻzaro tashriflarini tashkil etish zarurligi ham taʼkidlandi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar va parlamentlararo tuzilmalar doirasida aloqalarni yanada mustahkamlash va bir-birini qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Uchrashuvda oʻzaro manfaatli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati