Hujjat bilan jismoniy shaxsning elektron talabnomasini shakllantirishni hamda quyidagilarda shaxsiy identifikatsiya raqamini berishni nazarda tutuvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi toʻgʻrisidagi maʼmuriy reglament tasdiqlandi:

  • Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan barcha shaxslarga tugʻilganlikni qayd etish jarayonida;
  • chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga identifikatsiya ID-kartasi berilganda;
  • chet davlat fuqarosiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turganda yoki oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotganda;
  • fuqaroligi boʻlmagan shaxsga biometrik harakatlanish hujjati rasmiylashtirilganda;
  • chet davlatda vaqtincha yoki doimiy yashaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, ularning farzandlari, chet davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan chet davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, xorijiy davlatda doimiy yashaydigan chet davlat fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan yoki oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet davlat fuqarolariga shaxsiy identifikatsiya raqamlarini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatilishini joriy qilish topshirildi.

Qaror bilan ayrim qonun hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.