Uchrashuvda shuningdek, “VEON” kompaniyalar guruhi maslahatchisi Boris Tadich, “VEON” kompaniyalar guruhining huquqiy qoʻllab-quvvatlash va hukumat idoralari bilan oʻzaro munosabatlar boʻyicha ijrochi vitse-prezident Viktor Biryukov hamda “Unitel” MCHJ ijrochi direktori Andjey Malinovskiylar ishtirok etishdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi – “Unitel” MCHJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro Internet tarmogʻiga kirishni erkinlashtirish boʻyicha tayyorlangan loyihaning muhokamasi boʻldi.
Mazkur loyiha amalga oshirilsa, Oʻzbekistondagi axborot texnologiyalari sohasiga qoʻshimcha tarzda chet el investitsiyalarini olib kirish imkonini beradi (6 million dollardan ziyod) shuningdek, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholiga internet uchun sarflanadigan mablagʻni kamaytirish imkonini beradi.
Bundan tashqari uchrashuv davomida sohadagi boshqa dolzarb masalalar ham muhokama qilindi. Jumladan, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Shaxrux Sharaxmetov xizmat koʻrsatish uslublarini qayta koʻrib chiqish va kontent-provayderlar xizmatini yaxshilash zarurligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Zero, bugungi kunda isteʼmolchilar tarmoqda yoʻq raqamlarni adashib terganda, uning roziligisiz pullik xizmat koʻrsatish kontent-provayderlarga ulanib qolmoqda.
Shuningdek, Qoʻmita raisi mobil maʼlumotlarni uzatish xizmati uchun tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini aniqlashda yangicha yondashuv haqida maʼlumot berdi. Zero, joriy yil 20-maydan boshlab “Unitel” MCHJ mobil maʼlumotlarni uzatish xizmati uchun tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining Davlat reyestriga kiritildi, avvallari “Unitel” MCHJ mobil aloqalari boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi sifatida Davlat reyestri roʻyxatida edi.
Uchrashuv soʻngida tomonlar boshlangan hamkorlikni davom ettirishga, hamda kelgusida bu kabi suhbatlarni davomiy boʻlishiga kelishib olishdi, deb xabar beradi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati.